Respublikamizning har bir tuman va shahrining turli yo‘nalishlarda o‘ziga xos tajribasi mavjud bo‘lib, boshqa hududlar bilan o‘zaro hamkorlik asosida yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish, turizm, sanoat sohalarini yanada rivojlantirish va byudjet daromadlarini oshirish imkoniyati mavjud.
Masalan, joriy yilda 4 ta tuman – Uychi, Sayxunobod, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari yo‘lga qo‘yilishi hisobiga 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashdi va natijada 1,6 mln aholi rasmiy band bo‘ldi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani turizm yo‘nalishidagi imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalangan holda muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirishi hamda tumandagi sayyohlar soni yildan yilga oshib borayotganligi bilan boshqa tumanlardan ajralib turadi.
2023 yilda tumanda qiymati 140,6 mln dollarlik turizm maskanlari (598 ta mehmonxona va oilaviy mehmon uylari, 6 ta restoran) qurilgan hamda 6,8 mln nafar sayyohlar tashrifi kuzatilgan.
Shunday turizm imkoniyatlariga ega bo‘lgan Toshkent viloyatining Parkent va Navoiy viloyatining Xatirchi tumanlari Bo‘stonliq tumani bilan o‘zaro kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish va infratuzilmani yaratish orqali turizmni jadal rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2023 yilda Parkentga 908 ming nafar (Bo‘stonliq umumiy sayyohlar sonining 13,2 foiz) va Xatirchiga 184 ming nafar (Bo‘stonliq umumiy sayyohlar sonining 2,7 foiz) mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurishgan.
Shu bilan birga, Samarqand shahri turizm, savdo va transportda xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha salmoqli natijalarga erishgan hudud hisoblanadi. Respublikaning boshqa shaharlarida ham Samarqand shahri bilan o‘zaro hamkorlik asosida xizmat ko‘rsatish hajmini sezilarli darajada ko‘paytirish imkoniyati mavjud.
Hududlararo samarali kooperatsiya mexanizmlarini aniqlash maqsadida o‘rganilgan xalqaro tajribaga ko‘ra Germaniyada 16 ta federal shtatlar rahbarlari mintaqalararo muammolarni muhokama qilish va siyosatni muvofiqlashtirish uchun yiliga 5–6 marta yig‘ilishlar o‘tkazishadi. Yig‘ilishlar natijasida qo‘shma qarorlar qabul qilinib, keyinchalik ushbu qarorlar davlat darajasida amalga oshiriladi.
Fransiyada 35 mingdan ortiq shahar hokimlari va kommunal xo‘jalik jamiyatlari rahbarlari ishtirokida har yili hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazilib kelinadi.
2023 yil 21–23 noyabr kunlari Parijda o‘tkazilgan forumda “Zéro Artificialisation Nette” dasturi qo‘llab-quvvatlandi hamda mamlakatda yashil texnologiyalarni keng qo‘llash va shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha subsidiyalar joriy etildi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, respublikada hududlararo kooperatsiyani keng ma’noda kengaytirish, tajriba almashishning yangicha yondashuvlarini joriy qilish maqsadida quyidagi takliflar tayyorlandi:
- 2025 yildan boshlab har yili navbat bilan har bir viloyatda Hududlararo kooperatsiya va hamkorlik forumini tashkil etish.
- Forum mavzusini har bir viloyatning ixtisoslashuvi va o‘zining ustun yo‘nalishlariga tayangan holda tanlash.
- Forum davomida tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati dasturini ilgari surish hamda har bir tuman tadbirkorlarining o‘zaro muloqoti va hamkorlik munosabatlarini ta’minlanishiga sharoit yaratish.
- Forumda taqdim etilgan eng yaxshi ilg‘or tajribalarni butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy qilish.
-
Yuqoridagi takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlararo kooperatsiya va hamkorlik forumini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.