Strategik islohotlar agentligi tomonidan Qoraqalpog‘istonning kompleks iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan taklif va tavsiyalarni jamlash va tahlil qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda Xalqaro maslahat kengashi, “DB Engineering and Consulting”, “Boston Consulting Group” hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi kabi xalqaro tashkilotlar va konsalting kompaniyalaridan kelib tushgan taklif va tavsiyalar jamlandi.
Xususan, Xalqaro maslahat kengashi tomonidan ishlab chiqilgan takliflarda Qoraqalpog‘iston tabiiy resurslarini kataloglashtirish maqsadida kompleks geologik audit o‘tkazish, Qoraqalpog‘istonning yer usti transport izolyatsiyasini bartaraf etish uchun o‘rta muddatli investitsiya dasturini ishlab chiqish, Qoraqalpog‘istonni O‘zbekiston bilan bog‘laydigan avtomobil va temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilash, shuningdek, Sirdaryo va Amudaryo daryolarini qayta tiklash dasturini ishlab chiqish, bu jarayonning suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha professional tahlil qilish kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.
“DB Engineering and Consulting” konsalting kompaniyasi tomonidan tayyorlangan takliflarda Nukus shahri va uning atrofidagi Xo‘jayli va Taxiatash (22 km radiusda) hududlari uchun jamoat transporti modelini joriy etish masalalari ko‘tarildi. Takliflarda multimodal transport oqimlarini o‘zgartirish modeli, yo‘lovchi oqimlarini hisobga olish, avtobus parkini rivojlantirish dasturi hamda haydovchilarni qayta tayyorlash markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Nukus shahri va uning atrofidagi hududlar uchun jamoat transporti modelidan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘istonda transport oqimlarini dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi.
“Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston energiya tizimiga elektr energiyasini yetkazib berish uchun 3 GVt va Qoraqalpog‘istonning ichki iste’moli uchun 1-2 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqdi. Bundan tashqari, “BCG” Qoraqalpog‘istonda yangi servis iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Jumladan, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardagi kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish uchun masofaviy xizmat markazlarini, shu jumladan, “call-markaz”lar va boshqa masofaviy xizmatlarni tashkil etish taklif qilinmoqda.
“BCG” ekspertlari tomonidan shuningdek ko‘ngilochar sohada yangi yo‘nalishlarni ochishni taklif qilib, turistik zonalar tashkil etish va tematik tadbirlar o‘tkazish, masalan, turistlarni jalb qilish uchun “Louvre of Sands” va “Land of Winds” brendlarini targ‘ib qilishni taklif qilindi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan daraxtzorlar tashkil ekish ishlarini Orolbo‘yi mintaqasi uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rib chiqish taklif qilinmoqda.
Yuqoridagi va boshqa takliflar ko‘rib chiqilib, Qoraqalpog‘istonning keng qamrovli iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida amaliyotga joriy qilinadi.