Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 19-20-avgust kunlari Qoraqalpog’iston Respublikasiga uyushtirilgan tashrif davomida yangi “o’sish nuqtalarini” belgilash bo’yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Strategik islohotlar agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir yangi “o’sish nuqtalarini” belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ishlariga vazirlik va idoralarning xorijiy konsultant va ekspertlari jalb qilinib, ular tomonidan tayyorlangan takliflar jamlandi.
Jumladan germaniyalik ekspert Friderike Zayfert tomonidan Qoraqalpog‘istonda cho‘l sharoitida qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, qayta tiklanadigan energiya va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazini tashkil etish, Nukusdagi “Qoraqalpog‘iston” IT-parki va raqamli xizmatlar uchun ofis binolari bilan birlashtirgan erkin iqtisodiy zonasini (EIZ) qurish, Qoraqalpog‘iston aeroportlaridan fuqarolik parvozlarini amaliy o‘qitish va mashq qilish uchun foydalanish takliflari ilgari surildi.
Latviyalik ekspert Nataliya Murachova Qoraqalpog‘istonning hududiy tumanlarining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasi xususiyatlaridan kelib chiqib, iqtisodiy sust rivojlangan tumanlar aholisi uchun kontrakt to‘lovlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan preferensiyalar berish orqali noan’anaviy rag‘batlantirish choralar qo‘llash taklifini ishlab chiqdi.
Janubiy Koreyalik Ju Jaye Von tomonidan ishlab chiqilgan takliflar Orol bo‘yi hududlarida Muhim minerallarni (Critical Minerals) aniqlashga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirish, Tebinbuloq konini o‘zlashtirish loyihasi negizida qora metallurgiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan R&D markazini tashkil qilish, Tebinbuloq koni rudasidan yo‘ldosh metallar, jumladan, vanadiy ajratib olish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, Qoraqalpog‘istonda mavjud ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlashni kengaytirish (metallurglar, geologlar, konchilar, mexaniklar va energetiklar) masalalarini o‘z ichiga olgan.
Germaniyalik ekspert Mattias Klingenberg tomonidan ekoturizmni rivojlantirish (xorijiy turistlarni qiziqishlarini inobatga olib turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish (masalan, Qoraqalpog‘istonda xalqaro tadbirlar doirasida cho‘lda turli marofonlar hamda “Ko‘chmanchilar o‘yinlari” musobaqalarini tashkil etish (masalan, ultra-marafon, Nomad o‘yinlari); Nukus shahri atrofida qadimiy Qoraqalpoq xalqi qanday yashaganini namoyish etadigan turistlar qishlog‘ini qurish takliflari tayyorlandi.
Yuqorida keltirilgan va boshqa tayyorlangan barcha takliflar sinchkovlik bilan tahlil qilinib, amaliyotda joriy etish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi.