Bugun vazirlik va idoralar hamda xalqaro hamkorlarning 80 nafardan ortiq vakillari “Mamlakat platformasi”ning uchinchi yig‘ilishi munosabati bilan tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya, transport, shahar va qishloq hududlarini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan uchta ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya bo‘yicha ishchi guruh suv resurslarini kompleks boshqarish tamoyillarini joriy etish natijalarini namoyish etdi hamda mamlakat aholisini toza va sifatli ichimlik suvi hamda sanitariya xizmatlari bilan ta’minlashga qaratilgan istiqboldagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.
Transport bo‘yicha ishchi guruh mamlakat bo‘ylab yo‘lovchilarga xavfsiz va sifatli transport xizmatlari ko‘rsatish borasida erishilgan natijalarni ko‘rsatib o‘tdi. Asosiy e’tibor samarali va ekologik toza transport turlariga o‘tishga qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlardan transport sohasi mutaxassislari xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmani yaratishga yo‘naltirilgan sarmoyalar haqida ma’lumot berib o‘tdi. Yaqinda Senat tomonidan ma’qullangan «Temir yo‘l transporti to‘g‘risida»gi yangi Qonunning ahamiyati ham alohida ta’kidlandi.
So‘ng, shahar va qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh amalga oshirilgan so‘nggi islohotlardan ba’zilarining taqdimotini o‘tkazdi. Jumladan, yangi «Shaharsozlik kodeksi»ning qabul qilinishi va shahar hamda qishloq aholi punktlarini rejalashtirishga oid ishlab chiqilgan qator hujjatlar haqida so‘z bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi Mamlakat platformasining raisi sifatida tadbirni olib bordi. Mamlakat platformasi barcha asosiy manfaatdor tomonlarni birlashtirgan holda «Strategiya–2030» maqsadlariga erishish uchun texnik va moliyaviy yordamlarni samarali taqsimlashga yordam bermoqda. Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: «Xalqaro hamkorlar va hukumat o‘rtasidagi samarali hamkorlik Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, barcha uchun farovon va barqaror kelajakni qurishga qaratilgandir. Strategik islohotlar agentligi xalqaro moliyaviy institutlar hamda vazirlik va idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishda markaziy rolni o‘ynaydi, bu esa Prezidentimizning joriy yil mart oyidagi PQ-109-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ni muvaffaqiyatli amalga oshirishda, shuningdek davlat boshqaruvi shaffofligi va hisobdorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi».
Yevropa Ittifoqi (YeI) 2025 yilning oxiriga qadar Mamlakat platformasiga kotiblik qiladigan yetakchi xalqaro hamkor hisoblanadi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Janobi Toyvo Klaar ta’kidlaganidek: «Texnik yordam, grantlar taqdim etish va Mamlakat platformasini qo‘llab-quvvatlash orqali YeI hukumatning keng qamrovli islohotlar dasturini ilgari surishga yordam bermoqda. Hukumat va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar o‘rtasida fikr almashinuvining faollashuvi kutilgan natijalarga o‘z vaqtida erishishni ta’minlaydi».
Tadbir so‘ngida Mamlakat platformasi ishtirokchilari «Strategiya–2030» ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlovchi qishloq xo‘jaligi, energetik xavfsizlik va qonun ustuvorligi kabi sohalar bo‘yicha 13 ta tarmoq ishchi guruhi doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.