Strategik islohotlar agentligi tomonidan Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga va Oliy Majlisga Murojaatnomasiga tayyorgarlik doirasida 12 ta xalqaro tashkilotlar va konsalting kompaniyalaridan kelib tushgan jami 100 dan ortiq tavsiyalar ko‘rib chiqilmoqda.
Taklif va tashabbuslar “Deutsche Bahn” (Germaniya) kompaniyasi, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, “Reformatiks” (Gruziya), Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki, Shveysariya rivojlanish va hamkorlik agentligi, JSST kabi bir qator xalqaro nufuzli tashkilotlardan qabul qilinmoqda.
Ko‘rib chiqish taklif etilayotgan masalalarda asosan transport, energetika, moliya, bandlik va migratsiya, qishloq xo‘jaligi kabi bir qator muhim yo‘nalishlarni qamrab olingan.
Jumladan, “Deutsche Bahn” (Germaniya) kompaniyasi tomonidan transport infratuzilmasini xalqaro standartlarga muvofiq loyihalash va texnik nazorat qilishga doir taklif ilgari surilmoqda.
Hozirda transportni va transport infratuzilmasini kompleks rejalashtirish va rivojlantirish borasida o‘rta va uzoq muddatli maqsadlarni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilanmagan.
Jahon bankidan kelib tushgan taklif energetikada elektr energiyasini uzatish uchun alohida tariflarni joriy etish orqali xususiy investorlarga shaffof narxlar va teng sharoitlarni ta’minlash masalasini o‘z ichiga olgan. Mazkur tashkilot tomonidan taklif etilayotgan islohotlarda toza energiya ta’minotini oshirish uchun energiya subsidiyalarini isloh qilish orqali elektr energiyasi va tabiiy gazning o‘z-o‘zini qoplash darajasini 100 foizga yetkazish (hozirda 87 va 71%) nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, “Reformatiks” konsalting kompaniyasi bojxona rasmiylashtiruvi xarajatlarini kamaytirish uchun bojxona ma’muriyatini isloh qilish, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq tranzaksiyalarni tezlashtirishga doir tashabbuslar ilgari surilmoqda. Shu bilan birga mazkur kompaniya tomonidan vizalarni liberallashtirish, havo qatnovini diversifikatsiyalash va rebrending orqali turizmni yanada rivojlantirish taklif etildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga oid bir qator takliflar ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti “Aniq dehqonchilik” texnologiyalari va tadqiqotlarga investitsiyalarni ko‘paytirish, oilaviy fermer xo‘jaliklarini kichik mexanizatsiya orqali qo‘llab-quvvatlash zaruriyatini qayd etdi.
Yuqoridagi takliflar bilan bir qatorda, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki tomonidan keng qamrovli suv budjetini ishlab chiqish masalasi ko‘tarildi, Shveysariya rivojlanish va hamkorlik agentligi sug‘orish grafiklarini meteorologik stansiyalar ma’lumotlari bilan integratsiya qilishni taklif etdi. Shuningdek Jahon banki tomonidan bildirilgan yana bir taklif chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yangi muhandislik kadrlarini tayyorlash, Havo sifatini boshqarish milliy strategiyasini (AQM) qabul qilish, jamoat transportida xususiy sektor tomonidan elektr transportidan foydalanishni kengaytirishni o‘z ichiga olgan.
Kelib tushayotgan barcha takliflar va tavsiyalar asosida kompleks “yo‘l xarita” tasdiqlash, tavsiyalardan kelib chiqib, 2025 yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi loyihasini tayyorlash nazarda tutilmoqda.