Strategik islohotlar agentligida Jahon banki delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Jahon banki loyiha rahbari va katta savdo mutaxassisi Roberto Enchandi, shuningdek Jahon banki ekspertlari Xose Sinore, Anvar Rahmetov va Eskender Trushin ishtirok etdi.
Uchrashuvda muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini rivojlantirish, xususan, Jahon banki tomonidan mamlakatning iqtisodiy o‘sishida eng istiqbolli sohalar sifatida belgilangan qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sektorlarining rivojlanishiga bag‘ishlandi. Shuningdek raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va ichki hamda xalqaro yuk tashish sohasi uchun zarur infratuzilmani yaratishga e’tibor qaratish taklif qilindi.
Abdulla Abduqodirov o‘z navbatida milliy bozorning raqobatbardoshligini mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, buning uchun ichki va tashqi savdo qoidalarini takomillashtirish hamda monopoliyaga qarshi kurashish zarur ekanligini qayd etdi. Shuningdek, iqtisodiy islohotlar bilan shug‘ullanuvchi davlat xizmatchilarining malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni bilan bog‘liq masalalar ham muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari mamlakat manfaatlarini muzokaralarda himoya qila oladigan va O‘zbekiston iqtisodiyotini jahon savdo tizimiga integratsiyalashga ko‘maklashadigan malakali mutaxassislarni tayyorlash zarurligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida Strategik islohotlar agentligi va Jahon banki o‘rtasida kelgusida yaqin hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olindi. Agentlik Jahon bankiga iqtisodiy rivojlanish hamda JSTga a’zolik bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirayotgan turli vazirliklarning mutaxassislari orasida xabardorlikni oshirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni ishlab chiqishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.