Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi doirasida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bosh direktori o‘rinbosari Silvi Forbin boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti vakillariga Strategik islohotlar agentligi faoliyati, jumladan, BIMT faoliyatiga taalluqli bo‘lgan masalalar yuzasidan ma’lumot berildi. Shuningdek, uchrashuvda KPI ko‘rsatkichlari, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va sohani huquqiy tartibga solish kabi mavzular muhokama qilindi.
Muhokama davomida intellektual mulk huquqlarini himoya qilish sohasini takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqilib, hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar muhokama qilindi va istiqboldagi qadamlar belgilab olindi.