Bugun poytaxtda bo’lib o‘tayotgan IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi (#WCCE2024) doirasida kreativ sektorni rivojlantirishga doir tajriba almashish va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga bag’ishlangan vazirlar uchrashuvi bo’lib o’tdi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari Gayane Umerova raisligida o’tkazilgan uchrashuv kreativ iqtisodiyotning muhim ishtirokchilari va manfaatdor tomonlarni jamladi. Ishtirokchilar qatorida Strategik islohotlar agentligi direktori Baхodir Raxmatov, Indoneziya Respublikasi Turizm va kreativ iqtisodiyot vaziri Sandiaga S. Uno, BMT Savdo va Taraqqiyot Konferensiyasining Bosh kotibi Rebeka Frinspan, Jahon intellektual mulk tashkilotining Mualliflik huquqi va kreativ sanoatlar bo’yicha direktor o’rinbosari Silvi Forbin, raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Umarov, shuningdek, bir qator vazir o’rinbosarlari va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar xalqaro hamkorlik uchun salohiyatli sohalarni aniqlab, istiqboldagi qadamlar bo’yicha dastlabki mulohazalar bilan o‘rtoqlashdilar. Ushbu tadbir kreativ sektorni rivojlantirishga qaratilgan tajriba almashish va yechim izlash uchun muhim platformaga aylandi. Ishtirokchilar yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik kreativ iqtisodiyotni yanada jadal rivojlantirishga yordam berishiga ishonch bildirdilar.