Davlatimiz Rahbarining 2024-yil 4-martdagi PQ–109-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi Strategik islohotlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tahlil qilinib, bu boradagi ishlar muvofiqlashtirib borilmoqda.
2024 yilning sentyabr oyida rejaga muvofiq 1 ta qonun, 2 ta Farmon va 1 ta Hukumat qarori (jami – 4 ta) ishlab chiqilishi belgilangan.
Xususan, rejaning 70-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Qonun mamlakatimizda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish va buning natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirish tartib-qoidalarini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishini tizimli nazoratini ta’minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi bilan issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish va cheklash, uning hisobini yuritish, hosil bo‘ladigan uglerod birliklari savdosini tartibga solish imkoniyatini berishini ta’kidladilar. Shuningdek, sohaga oid xalqaro majburiyatlarning bajarilishiga, mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning jadallashishiga, atrof–muhit va ekologiyaning yaxshilanishi hamda barqaror rivojlanish uchun zarur sharoit yaratishga zamin bo‘ladi.
Shuningdek, Rejaning 75–bandini bajarish maqsadida ilm-fan sohasini boshqarish va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi tayyorlanib, bugungi kunda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
Loyihada ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, grantlar olish uchun taqdim etilayotgan loyihalarni tekshirish mezonlarini kuchaytirish va shaffofligini ta’minlash, xorijiy grant mablag‘laridan foydalanishning tartib talablarini soddalashtirish masalalari nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan rejaning 76–bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi tayyorlandi.
Loyihada ilmiy darajalarni berish talablarini takomillashtirish, dissertatsiyani tayyorlash metodologiyasini xalqaro mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish, Fan va texnologiyalar bo‘yicha Respublika kengashi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tuproqning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv fondi yerlarini ijaraga berish tartibini belgilashga oid “Suv fondi yer uchastkalarini ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Strategik islohotlar agentligi tomondan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining bajarilishi bo‘yicha keng jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.