Poytaxtimizda 40 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida “Maʼlumotlarni boshqarish milliy tizimi toʻgʻrisida”gi Qonun konsepsiyasi muhokama qilindi.
Konsepsiyasi amaldagi qonunchilik va muvaffaqiyatli xalqaro amaliyotni o‘rganishlar asosida ishlab chiqilib, Qonunning amal qilish doirasi va asosiy jihatlarini belgilab beradi.
Davlat siyosatini yuritishda barcha tarmoqlar va sohalardagi ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlash orqali umumdavlat yondashuviga amal qilish rejalashtirilgan.
Tegishli ma’lumotlarni birlashtirish va ularni turli vazirliklarga taqdim etish ishonchli dalillar asosida qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bu esa qarorlarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘larni optimallashtirishga yordam beradi. Yangi tizim davlat organlarida umumiy boshqaruvni muvofiqlashtirish va takomillashtirishga xizmat qiladi.
Belgilangan maqsadlarga erishish va mahallalar darajasida siyosatni samarali amalga oshirish maqsadida maʼlumotlarni “mahallabay” darajasida detallashtirish taklifi ilgari surilmoqda, shuningdek, ayni paytda zamonaviy raqamli texnologiyalar mahalla darajasida ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash imkonini bermoqda.
Maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yangi strategiya doirasida davlat xizmatchilarga maʼlumotlarni funksional vazifalariga qarab taqdim etiladi. Yuqori darajadagi davlat xizmatchilari uchun onlayn boshqaruv paneli “Dashbord” dasturi yaratiladi, qaror qabul qilishda esa analitik imkoniyatlarni yaxshilash maqsadida sun’iy intellektdan foydalaniladi.
Konsepsiya quyidagi talablarga muvofiq ishlab chiqilmoqda: ma’lumotlar almashinuvi shaxsiy ma’lumotlarga doir amaldagi qonunchilikka mos kelishligi va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlashga qaratilgan.
Konsepsiya 8 ta idora tomonidan ishlab chiqilib, ular Strategik islohotlar agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Statistika agentligi, Kadastr agentligi, Adliya vazirligi va “O‘zbekkosmos” agentligi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi sa’y-harakatlari bilan Latviya Respublikasining O‘zbekistonda davlat boshqaruvi salohiyatini qo‘llab-quvvatlash loyihasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etildi.