Toshkent viloyati va Bo‘ka tumani hokimliklari hamda mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda Bo‘ka tumanida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilashga doir Vazirlah Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Xususan, qaror loyihasida quyidagi tashabbuslar ilgari surilmoqda:
1) A-373 “Ohangaron – Guliston” xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining Bo‘ka tumani hududidan o‘tgan 31 km qismining yo‘l bo‘yidagi 50 gektar yer maydonida zamonaviy bozor, savdo va xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar infratuzilmasini barpo etish;
Bo‘ka tumani “Jo‘raobod” va “Ko‘k Orol” mahallalari hududidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yaylov yer toifasidagi va qarovsiz holatdagi 100,8 gektar yer maydoni hududida sanoat zonalarini tashkil etish;
“Bo‘ka paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatini boshqa hududga ko‘chirish va jamiyat tasarrufidagi 8,5 gektar yer maydoni hududida bosh rejaga asosan 40 ta 7 qavatli va 3 ta 9 qavatli zamonaviy ko‘p kvartirali uylar, savdo va xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarini o‘zida mujassam etgan “Yangi O‘zbekiston” massivini tashkil qilish.
2) 2025-yil 1-martga qadar A-373 “Ohangaron – Guliston” xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining Bo‘ka tumani hududidan o‘tgan qismida savdo va xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni barpo etish uchun yer maydonlarini tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinish;
Bo‘ka tumani “O‘zbek” mahallasi hududida joylashgan dehqon bozorini A-373 “Ohangaron – Guliston” xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining Bo‘ka tumani hududidan o‘tgan qismi hududiga ko‘chirilishi va uning o‘rnida ko‘p kvartirali uylar qurish;
2025-yil 1-aprelga qadar sanoat zonalarini tashkil etish uchun yer maydonlarini elektron onlayn-auksion orqali alohida lotlarga ajratgan holda tadbirkorlik subyektlariga realizatsiya qilinish.
3) Bo‘ka tumani markazida urbanizatsiya jarayonini jadallashtirish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmani rivojlantirish maqsadida:
a) Bo‘ka tumani markazidagi “Markaziy” va “Sadoqat” ko‘chalarini bog‘lovchi uzunligi 680 metr bo‘lgan avtomobil yo‘lini qurish va mazkur avtomobil yo‘li yoqasida 16 ta ko‘p kvartirali uylarni barpo etish choralarini ko‘rish nazarda tutilmoqda.
b) 2024-yil 1-noyabrga qadar Bo‘ka tumanidagi “Yangi hayot” mahallasi hududidagi 500metr uzunlikdagi “A.Navoiy” ko‘chaning yo‘l bo‘yida tun-u-kun ishlaydigan savdo, ko‘ngilochar, gastronomik va turizm ko‘chasiga aylantirish chorasini ko‘rish;
Bunda, tun-u-kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo, ko‘ngilochar, gastronomik va turizm ko‘chalari xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda yagona konsepsiya bo‘yicha tashkil etilishini belgilab qo‘yish rejalashtirilgan.
4) Bo‘ka tumanida pomidorning yangi navini yetishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Bo‘ka tumani “Samarqand” mahallasi hududida xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga aqlli issiqxonalarni tashkil etish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Aqlli issiqxonalarni tashkil etish uchun xorijiy investorlar tomonidan 36 mln dollar ekvivalentdagi investitsiyalarni kiritish sharti bilan Bo‘ka tumani “Samarqand” mahallasi hududidan 220 gektar yer maydoni to‘g‘ridan to‘g‘ri ijara huquqi asosida ajratish nazarda tutilmoqda.
5) Tumanda “shok muzlatish” usulida meva sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish loyihasini amalga oshirish.
Qaror loyihasi Bo‘kada investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur loyiha yangi imkoniyatlar ochish, mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shish, natijada esa yangi ish o‘rinlari yaratilish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qiladi.