Turli mamlakatlarda kommunal xizmatlari tariflarini oshirishda xizmat sifatini yaxshilashning har-xil usullaridan foydalaniladi. Bunda, xususan, sifat standartlariga rioya qilinmaganligi uchun jarima solish, raqobat muhitini yaratish, ma’lumotlardan ochiq foydalanishni ta’minlash va majburiy auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning ichki boshqaruvini takomillashtirish orqali erishiladi. Aksariyat holatlarda yaxshi natijaga erishish uchun yuqoridagi elementlardan uyg‘unlikda foydalaniladi. Strategik islohotlar agentligi eksperti Friderike Zayfert turli mamlakatlardagi kommunal xizmatlar sifatini yaxshilashga doir tajribani o‘rgandi.
Muayyan kommunal xizmatlarni ko’rsatishni tartibga soluvchi shartnoma yoki qonun xizmat ko‘rsatuvchi erishishi kerak bo’lgan sifat darajalari belgilanishi, shuningdek, agar ular bajarilmasa, jarimalar belgilanishi mumkin. Samaraga erishish uchun ushbu maqsadlar aniq va erishish mumkin bo‘lishi hamda mazmunli bo’lishi kerak. Jarimalar hajmi maqbul bo’lishi: ta’sir ko’rsatmaydigan darajada past emas, lekin bitta qoidabuzarlikdan keyin butun operatsiyani to’xtatishga olib keladigan darajad yuqori bo‘lmasligi lozim.
Masalan, Germaniyada mintaqaviy darajadagi yo‘lovchi temir yo‘l xizmatiga, ya’ni o‘rta markazlarni bog‘lovchi poyezdlar uchun litsenziyalar ochiq tenderlar asosida beriladi. Har bir yo‘nalish uchun alohida tenderlar o’tkaziladi. Xizmat ko’rsatish shartnomasida tender g’olibining temir yo’l xizmatlarini ko’rsatish bo’yicha majburiyatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, shartnomada misol uchun poyezdning marshrut bo‘ylab qanchalik tez-tez harakatlanishi, qancha o‘rindiq, aravachalar, velosipedlar, nogironlar aravachalari va bagaj bo‘lishi kerakligi, shuningdek, poyezd chiptalari narxining umumiy tuzilishi ko‘rsatiladi. Shuningdek, shartnomada poyezdlarning kechikishi va qatnov bekor qilinganligi uchun jarimalar ham nazarda tutilgan. Har bir tender g’olibini aniqlashda taklifning asosliligi va sifati (ya’ni, shartnomaning bajarilishi ehtimoli va uning sifati), shuningdek, xizmat narxi asosiy mezonlar hisoblanadi.
Bir turdagi kommunal xizmat ko’rsatuvchilar o’rtasidagi raqobat, odatda, ushbu xizmat uchun narx va sifat ko‘rsatkichlarining mijoz uchun yaxshilanishiga olib keladi. Misol uchun, Germaniya va Singapurda uy xo’jaliklari va kompaniyalar turli xil elektr provayderlari o’rtasida tanlash imkoniyatiga egalar. Ularning barchasi bir xil elektr tarmog’iga ega, lekin elektr energiyasini ishlab chiqarish va ichki boshqaruv usulida farqlanadi, natijada iste’molchilarga taklif qilinadigan narxlar va shartlar ham turli bo‘ladi. Xizmat yetkazib beruvchilarni o’zgartirish imkoniyati ular o’rtasidagi raqobatni rag’batlantiradi, bu esa o’z navbatida narx va xizmat ko’rsatish sifati nisbatini yaxshilaydi.
Kommunal xizmat ko’rsatish bo’yicha ma’lumotlarning ochiqligi shaffoflikni, jamoatchilik nazoratini oshiradi va provayderlarga mas‘uliyat yuklaydi, ayniqsa aholi o’zlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarga baho berish va sharh qoldirish imkoniyatiga ega bo‘lsa. Ushbu ma’lumotlar bozor raqobati sharoitida foydali hisoblanadi, chunki mijozlar bozorda mavjud bo’lgan turli xil variantlarni solishtirish va tanlashlari mumkin bo‘ladi. Misol uchun, Germaniyada har bir tumandagi elektr energiyasini yetkazib beruvchilarning xizmat narxlari, shartnoma shartlari va xizmat ko’rsatish sifati reytinglarini taqqoslash mumkin bo’lgan onlayn portallar mavjud. Shuningdek, hududning shisha tolali kabelga ulanganligini tekshirish va uning sifatini baholash imkonini beruvchi portal ham faoliyat yuritadi.
Kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun hisobot taqdim etish va me’yoriy talablar va sifat standartlariga muvofiqlik bo‘yicha majburiy va ommaviy ochiq bo‘lgan audit ularning ishining shaffofligini sezilarli darajada oshirishi va jamoatchilik oldida hisobot berishi mumkin. Bu sifatli xizmatlarni taqdim etish va yuqori standartlar va qoidalarga rioya qilishni rag’batlantiradi va jamoatchilik ma’lumotlarni tekshirish va taqqoslash mumkin bo‘lgani sababli xarajatlarni kamaytiradi. Samarali audit barcha kompaniyalar tomonidan qo’llaniladigan xalqaro buxgalteriya standartlariga (IFRS yoki IPSAS) asoslangan bo’lishi kerak. Ular mustaqil auditorlar tomonidan olib borilishi, ochiq e’lon qilinishi, nomuvofiqliklar yuzaga kelgan taqdirda kompaniya uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi (jarimalar, zararlar) kerak.
Masalan, Hindistonning Gujarat provinsiyasida auditlar sanoat korxonalari tomonidan atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga yordam berdi. Gujarat ifloslanishini nazorat qilish kengashi tasodifiy tayinlangan auditorlar tomonidan ifloslanish chegaralariga rioya qilishning mustaqil auditini tashkil qiladi. Bu auditorlar tekshirilayotgan kompaniyalarning umumiy fondidan har bir audit uchun 45 000 rupiy (taxminan 700 AQSh dollari) miqdorida to‘lov oladi.
Jarimalarni joriy etish, raqobat muhitini yaratish, ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash va majburiy auditlarni o‘tkazish kabi turli yondashuvlarni integratsiyalashuvi kommunal xizmatlar sifatini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Ushbu chora-tadbirlar nafaqat provayderlarni o‘z xizmatlarini yaxshilashga undaydi, balki kommunal resurslarni yanada shaffof va samarali boshqarish uchun sharoit yaratadi.