Toshkent viloyati, Nurafshon shahri hokimliklari hamda mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda Nurafshon shahrida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga doir Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Xususan quyidagi tashabbuslar ilgari surilmoqda:
1) “Nurafshon sanoat va tashqi savdo industrial texnoparki” maxsus sanoat zonasini tashkil etish;
Industrial texnopark hududida aholi uchun ijtimoiy, xizmat va servis obyektlarini qurish, 2-7 qavatli ishlab chiqarish obyektlarini barpo qilish va ularda umumiy qiymati 720 mln dollarlik investitsiya loyihalarini joylashtirish rejalashtirilgan.
2) Nurafshon shaharning munitsipal mulki obyektlari negizida investorlar bilan birgalikda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida Nurafshon investitsiya kompaniyasini tashkil qilish.
3) Nurafshon shahri “Toshkent yo‘li” va “Xurramlik” ko‘chasida 1950–1960-yillarda qurilgan bir va ikki qavatli uylar o‘rnida renovatsiya dasturi asosida 1000 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turar joylar va savdo-xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etish;
Nurafshon shahri “Birlik” mahallasida 20 gektar maydonda (sobiq “To‘ytepa tekstil” bino va inshootlari) 320 mln dollarlik investitsiya loyihalarini joylashtirish;
“Nurafshon biznes siti” hududida 0,45 gektar maydonda ko‘p qavatli mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar markazini barpo etish;
“Nurafshon biznes siti” hududida 6 gektar maydonda ko‘p qavatli turar joylar, bolalar bog‘chasi va o‘yin maydonchasi qurish;
“Oybek” mahallasidagi “Xurramlik” ko‘chasini savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chasiga aylantirish;
“Birlik” mahallasida 11,8 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va sotishga ixtisoslashgan ekobozor va avtoshohbekat barpo qilish.
4) Barcha vazirlik va idoralarning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmalari ma’muriy binolarini Toshkent shahridan Nurafshon shahriga ko‘chirish.
5) Toshkent va Nurafshon shaharlari o‘rtasida transport qatnovi yuklamasini kamaytirish, harakat xavfsizligini oshirish maqsadida DXSH asosida Toshkent shahri va Toshkent viloyati o‘rtasida qatnov imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqish va 2024 yil yakuniga qadar tender tanlovlarini o‘tkazish.
Qaror loyihasi Nurafshonda sanoat va eksport salohiyatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur loyiha xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochish, mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shish, natijada esa minglab ish o‘rinlari yaratilishi va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sishiga xizmat qiladi.