Davlatimiz Rahbarining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-308-son qarori qabul qilindi.
Qarorda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga binoan DXSH loyihalariga 2030-yilga qadar kamida 30 mlrd AQSH dollari miqdorida xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadli ko‘rsatkichini ta’minlash, hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish uchun hududlarda zarur bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarishda DXSH loyihalarini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatli tajribani boshqa sohalarga tatbiq etish choralari nazarda tutilgan.
Mazkur qaror bilan tasdiqlanlangan 2024–2026 yillarda ustuvor DXSH loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar va 2024–2030 yillarda DXSH asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi doirasida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, yirik shaharlar o‘rtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 km zamonaviy pullik magistral avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan Toshkent–Samarqand yo‘lini qurish ishlarini 2024-yilda hamda Toshkent–Andijon yo‘lini 2026-yilda boshlash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yillik energiya yo‘qotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yil 1-iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yiliga qo‘shimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028-yilga qadar barcha ma’nan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish hamda hamda toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirishni nazarda tutgan holda 2028-yil yakuniga qadar
har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, 400 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imiga ega zamonaviy ta’lim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sig‘imiga ega maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida
2026-yildan boshlab DXSH tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish, hamda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berilishi belgilangan.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida DXSH loyihalarini amalga oshirish nafaqat iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish, balki zamonaviy infratuzilmani yaratish, ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, investitsiyalar hajmini oshirish orqali aholining yashash sifatini oshirishga xizmat qilib, mamlakatning xalqaro maydondagi jozibadorligi oshiradi.