Davlatimiz Rahbarining 2024-yil 4-martdagi PQ–109-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi Strategik islohotlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tahlil qilinib, bu boradagi ishlar muvofiqlashtirib borilmoqda.
2024 yilning avgust oyida rejaga muvofiq 3 ta qonun, 3 ta Prezident qarori, 2 ta Hukumat qarori va 1 ta chora-tadbirlar dasturlari (jami – 9 ta tadbir) ishlab chiqilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kun holatida 2 ta (22 %) topshiriq ijrosi ta’minlandi.
Xususan, rejaning 3-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyuldagi “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–249-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 sentyabrdan elektron do‘kon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng bo‘lgan hollarda, belgilangan mezonlarning biri asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining takliflari ustunlikka ega bo‘ladi.
Shuningdek, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2024 yil 1 oktyabrdan davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Rejaning 45–bandini ijrosi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining markaziy apparati tuzilmasida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan Loyiha ofisi tashkil qilindi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, avgust oyida belgilangan boshqa tadbirlar bo‘yicha ham tegishli zarur choralar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, investitsiyalar ko‘lamini oshirishga qaratilgan qulay biznes ekotizimini shakllantirish, investorlarning huquqlarini himoya qilish hamda investitsiyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Ushbu qonun loyihasida investorlarning kafolatlari, huquq va majburiyatlari ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari belgilanmoqda. Qolaversa, mamlakatimizda yanada qulay investitsiya muhitini yaratish, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, amaldagi investitsiya qonunchiligining ilg‘or xalqaro standartlar, jumladan Jahon savdo tashkilotining qoidalariga moslashtirishga qaratilgan normalar aks etmoqda.
Qonun loyihasida investorlarni eng katta xavotirga soluvchi omil va xatarlar bo‘yicha yechimlar kiritilmoqda hamda ortiqcha cheklovlar bekor qilinmoqda. Jumladan, “Bozorga kirish” kafolatlari hamda investitsiya faoliyatini asossiz tekshirishlardan himoyalash kafolatlari belgilanmoqda.
Bundan tashqari, investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirilmoqda. Xususan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada xorijiy investorlar ulushi bo‘yicha talab 15 foizdan 10 foizgacha tushirilmoqda.
Shuningdek, investitsiya faoliyatini himoyalashning qo‘shimcha kafolatlari kiritilmoqda. Bunda asosan milliy rejimga rioya qilish hamda xorijiy investorlarning yerdan foydalanish imkoniyati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilmoqda. Mahalliy va xorijiy investorlarga teng bo‘lgan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilmoqda.
Qonun loyihasidagi yana bir asosiy muhim jihatlardan biri bu investitsiyaviy nizolarni hal etish tartibi xalqaro tan olingan standartlar asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ya’ni investorlarning xalqaro arbitraj institutlariga murojaat qilishiga oid cheklovlar bekor qilinmoqda.
Rejaning 38-bandiga muvofiq davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘l infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, tirbandlikni kamaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beruvchi muqobil avtomobil yo‘llari tarmog‘ining huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi byudjetga yukni kamaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan bir qatorda, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, avtotransport vositalarining harakatini tezlashtirish, umumiy yo‘llarda transport vositalarining sig‘imini oshirish imkonini beradi.
Aholi tomonidan jamg‘arilgan moliyaviy resurslarni aktivlashtirish, ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy resurslarga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritishga tayyorlanmoqda.
Loyiha kapital bozori sohasi rivojlangan xorijiy davlatlar (AQSH, Singapur, Turkiya, Gonkong, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni) va rivojlanayotgan davlatlarning (Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston) tajribasini o‘rganish asosida ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, loyiha bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rivojlanish dasturi, AQSH Savdo vazirligi, AQSH G‘aznachiligi, AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi vakillari va maslahatchilarining takliflari olingan.
Rejaning 50-bandiga asosan shaharlarda piyodalar uchun xavfsiz va qulay yo‘llar, pulli avtoturargohlar infratuzilmalarini rivojlantirishga oid tegishli Prezident qarori loyihasi Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, hozirda vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan tabiiy gazni qazib olishdan iste’molchilarga yetkazishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda hisoblagichlarni o‘rnatishga oid hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chilik institutlarini rivojlantirish dasturini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat qarorlari loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritish bo‘yicha ham tegishli ishlar davom ettirilmoqda.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, rejaning 16-bandiga muvofiq Samarqanddagi elektr taqsimlash tarmoqlari modernizatsiyasiga davlat-xususiy sheriklik asosida investorlarni jalb qilishga oid zarur amaliy chora-tadbirlaramalga oshirilmoqda.
Strategik islohotlar agentligi tomondan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining bajarilishi bo‘yicha keng jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.