Yaqinda Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Oliy Majlis Senati va tomonidan “O‘zbekistonda gender tenglik va inson huquqlariga asoslangan migratsiya siyosatini ishlab chiqish” mavzusida tashkil etilgan to‘rt kunlik trening o‘z ishini yakunladi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-apreldagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan edi. Treningda turli vazirlik va idoralar vakillari, xususan, Strategik islohotlar agentligi xodimlari ishtirok etdilar.
Treningni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning migratsiya strategiyasini ishlab chiqishda Senat huzurida tashkil etilgan ishchi guruh aʼzolariga xalqaro normalar va xorijiy davlatlar tajribasi to‘g‘risida maʼlumotlar berishdan iborat.
Trening doirasida taklif etilgan xorijlik ekspertlar tomonidan migratsiya strategiyasini ishlab chiqishda maqsad va yondashuvlarni aniqlash bo‘yicha uslubiy materiallar va tavsiyalar taqdim etildi. Qamrab olingan omillarni tahlil qilish, xalqaro standartlarga muvofiqligi va migratsiya sohasidagi xorijiy tajribani hisobga olishga alohida e’tibor qaratildi. Hujjat loyihasida qoʻllanilishi rejalashtirilgan terminologiya va uning taʼriflariga ham tushuntirishlar berildi.