Avval xabar berilganidek, Strategik islohotlar agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganishlar davomida tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Dehqonobod tumani 5-toifaga kiradi, tumandagi 51 ta mahallada 159 ming nafar doimiy aholi istiqomat qiladi. Tuman byudjeti daromadlari 154,7 mlrd, xarajatlari esa 247,1 mlrd so‘mni tashkil etadi.
1. Dehqonobod tumani xududidan M-39 xalqaro avtomobil yo‘li o‘tgan bo‘lib, mazkur yo‘ldan bir kunda o‘rtacha 5 mingdan ortiq yengil va yuk avtotransportlari harakatlanadi.
Avtomobil yo‘lining tuman hududidan o‘tuvchi 57 km qismining yo‘l bo‘yida 20 dan ortiq qurilishi bitmagan savdo va ko‘chma xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushirish imkoniyati cheklanib qolgan.
Mazkur xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, bunda qishloq xo‘jaligida foydalanilmasdan turgan 0,6 gektar yer maydonini toifasini o‘zgartirish orqali yangi savdo va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish taklifi ishlab chiqildi.
Natijada ryejalashtirilgan 20 tadan ortiq zamonaviy xizmat ko‘rsatish va savdo obyektlari ishga tushirilib, 50 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yillik pul aylanmasi 15 mlrd so‘mga oshadi, byudjet uchun qo‘shimcha 184 mln so‘mlik manba tashkil etiladi.
2. Dehqonobod tumani hududida aholi tomonidan tomorqalardagi 1 354 gektar yer maydonlarida kavrak o‘simligi Bugungi kunda ekilgan kavrak mahsulotlarini (shirasi va danagi) asosiy qismi yaylov yerlari va aholi tomorqasidan yig‘ib olinmoqda.
Ushbu kavrak shirasini eksportga chiqarishni cheklovchi byurokratik jarayonlarining ko‘pligi sababli kavrak mahsulotini joriy yil yanvar-aprel oralig‘ida eksport qilish ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Shundan kelib chiqqan holda, aholi xonadonlari va unga tutash maydonlaridagi kavrak mahsulotini eksportga chiqarish uchun mahallalardagi yettilik, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dehqonobod tumanidagi plantatsiyalar, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqasida madaniylashtirilgan kavrak shirasini sotish va eksportga chiqarish uchun ruxsatnoma berish (mexanizmini) soddalashtirilgan tartibini belgilash taklifi tayyorlandi.
Xususan, tabiiy muhitda yig‘ib olingan kavrak shirasi mahsuloti kodi farmatsevtik mahsulot toifasi sifatida tasdiqlangan. Lekin hozirgi kunga qadar faqat Hindistonga eksport qilingan ushbu mahsulotning 95 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hisobida iste’mol qilinishi ma’lum bo‘lgan.
Mahsulot (kod TN 1301900000) toifasini oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari toifasiga o‘zgartirish natijasida 3 500 nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlanlab, o‘rtacha 12 mln dollarlik 100 tonna kavrak shirasini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
3. Tumandagi “Sel” suv ombori atrofida lalmikor yer maydoni mavjud bo‘lishiga qaramasdan, mahalliy axoliga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun sharoit yetarlicha yaratilmagan.
Tuman asosan lalmikor yer maydonlardan iborat bo‘lganligi sababli tumandagi sig‘imi 20 mln3 bo‘lgan “Sel” suv ombori atrofidagi mavjud 300 gektar lalmikor yer maydoniga suv chiqarish orqali sug‘oriladigan yer toifasiga o‘zgartirish natijasida mahalliy axoliga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun sharoit yaratish taklifi ishlab chiqildi.
Buning natijasida ushbu yer maydonida 400 dan ortiq dehqon xo‘jaliklari tashkil etiladi. Loyihani ishga tushurilishi natijasida 1 ming nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
4. Tumanda 4,7 mln tonna bentonit, 4,73 mln tonna dolamit toshi, 449,2 ming metr3 dolomit tosh kukuni, 497,9 ming metr3 qum shag‘al va boshqa rangli tosh xom-ashyo zaxiralarini qayta ishlash imkoniyati mavjud.
Ushbu imkoniyatni inobatga olgan holda, auksion savdolariga chiqarilmagan zaxira konlarini o‘zlashtirish orqali mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda qurilish materiallari mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni tashkil etish taklif etilmoqda.
Ushbu qurilish materiallari zaxirasini qayta ishlab investor jalb qilish orqali tumanga qo‘shimcha investitsiyalar kiritiladi, natijada yangi ish o‘rinlari yaratilib byudjet daromadlari oshadi. Bundan tashqari, tumanda tadbirkorlik muhiti shakllanadi, 250 tadan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, davlat byudjetig 1,2 mlrd so‘mdan ortiq tushum ta’minlanadi.
Strategik islohotlar agentligi va Dehqonobod tumani hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.