Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish Strategik islohotlar agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mazkur vazifa doirasida Agentlik ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlashdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik bo‘yicha hamkorlik xalqaro tarmog‘ining (MPPN) 9-yig‘ilishda yuqoridagi kabi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Tadbir boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan Gulyamov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik bo‘yicha xalqaro hamkorlik tarmog‘ining 9-yig‘ilishi ishtirokchilariga Murojaatnomasini o‘qib eshittirdi.
Murojaatnomada Yangi O‘zbekistonda har bir fuqaroning yashash sharoitini yaxshilash, ta’lim va tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarimizning asosiy yo‘nalishi ekanligiga e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Iqtisoiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov, Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori, professor Sabina Alkayr, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii, MPPN direktori Gonsalo Ernandes Likonga so‘zga chiqdilar.
Iqtisoiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov O‘zbekiston va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka qarshi kurashish muhimligini ta’kidladi.
“2020-yildan Prezidentimiz tomonidan birinchi marta O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish jarayoni jadal suratlar bilan boshlandi. Bundan buyon qilingan ishlar bo‘yicha butun jahon O‘zbekiston erishgan natijalarini e’tirof etyapti. Bugun Ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash global tarmoqning 9-yig‘ilishi Toshkent va Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani bejizga emas. Bu bilan hurmatli Prezidentimiz boshchiligida kambag‘allik masalalariga faqatgina uni monetar jihatdangina qarab qolmasdan, uni ko‘p qirrali taraflarini kashf etyapmiz”, – dedi O.Xakimov.
O‘zbekistonda kambag‘allik faqatgina pul tarafdan emas, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yashash sharoitlari va yosh bolalarga qaratilayotgan sharoitlar tarafdan yagona yaxlit kompleks o‘lchov yaratildi. Bu kompleks o‘lchov pilot tariqasida 2022-2023-yillarda BMTTD va YUNISEF bilan birgalikda o‘tkazildi. Birinchi marta O‘zbekistonda kambag‘allikni ko‘p o‘lchovli indikatori tashkil etildi. Indikator hozir bizda kambag‘allikni faqatgina pul yoki daromad tarafiga qaramasdan har bir oilani har tomonlama farovonligini o‘lchab beradi.
Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi (OPHI) direktori, professor Sabina Alkayr o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: “Biz bu yerda ekanligimizdan xursandmiz va ushbu tadbirni tashkil etgani uchun CERR va butun O‘zbekiston hukumatidan, shuningdek, BMTTD va O‘zbekistondagi vakolatxonasiga va barcha ishtirokchilardan minnatdormiz. Ravshan Gulyamov Janobi oliylariga O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikka qarshi milliy darajadan mahalla darajasigacha kurashishga harakatini namoyish etgani va bu yerdagi qiyinchiliklarni yengish uchun mamlakatda amalga oshirilayotgan aniq harakatlarni namoyish etgani uchun minnatdorlik bildiraman. Umid qilamizki, bizning ishlarimiz ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksidan foydalangan holda o‘z aksini topadi va baholanadi hamda O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha yetakchiligi nafaqat MPPN, balki undan tashqaridagi boshqa mamlakatlarga ham namuna bo‘lib xizmat qiladi. Va bu, aslida, MPPNning maqsadi”.
Forum davomida ishtirokchilar jahon miqyosida kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasini takomillashtirishga qaratilgan tajriba va natijalarni muhokama qildilar.
Xususan, har bir taqdimot muloqotni boyitdi, milliy dasturlar uchun ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksidan foydalanish, qashshoqlikni o‘lchashdagi innovatsiyalar va mintaqaviy hamkorlik zarurati kabi muhim mavzular muhokama qilindi.