Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijaga erishishni boshqarish guruhi (Delivery Unit ofisi) tomonidan markazlashtirilmagan kanalizatsiya tizimi – “Soakaway filtrlash maydoniga ega septik” yechimini qo‘llashga doir tajriba o‘rganildi.
Avvalroq Delivery Unit ofisi tomonidan yurtimizdagi 10 mingta maktablar infratuzilmasining holatini o‘rganilib, ularning faqatgina 13 foizi markaziy kanalizatsiyaga ulanganligi aniqlangan.
“Soakaway filtrlash maydoniga ega septik” tajribasini suv bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lgan, ammo markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimiga ulanmagan maktablarda amalga oshirish mumkin bo‘lib, kelgusida qishloq hududlaridagi ijtimoiy soha muassasalarida ushbu texnologiyani namunaviy loyiha yechimi sifatida qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Muammolarni hal qilishda yangi yondashuv ishlab chiqish uchun xorij mamlakatlarining gigiyena va sanitariya masalalariga doir tajribasi o‘rganildi va Avstraliyadan gigiyena va sanitariya bo‘yicha mutaxassis Mark Elleri jalb etildi.
Natijada markazlashtirilmagan kanalizatsiya “Soakaway filtrlash maydoniga ega septik” tizimini bugungi kun sharoitida joriy qilish mumkin bo‘lgan eng qulay yechimlarda biri ekanligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun: “Soakaway filtrlash maydoniga ega septik” texnologiyasi Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Niderlandiya, Osiyo va Afrika mamlakatlarida keng qo‘llaniladi.
Shu munosabat bilan, Delivery Unit tomonidan Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 6 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida (Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi 16-son, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 30-son, Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 21-son, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 11-son, Toshkent viloyati Oqtosh tumanidagi 10-son, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi 63-son maktablarda) mavjud sanitariya holati o‘rganildi.
Jumladan, Toshkent viloyati Oqtosh tumanidagi 10-son o‘rta ta’lim maktabida 1200 dan ortiq o‘quvchi tahsil olishiga qaramasdan, maktab hovlisida joylashgan hojatxona qazilgan o‘ralardan iborat. Xuddi shu kabi muammolar o‘rganilgan boshqa maktablarda ham aniqlangan.
Hozirda Delivery Unit tomonidan “Soakaway filtrlash maydoniga ega septik” tizimini joriy qilish uchun 300 ming dollar grant mablag‘lari jalb qilinib, tizimni 3 ta maktabda: Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 11-son, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 25-son va Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi 16-son maktablar hojatxonalarida tajriba-sinov tarzida joriy qilish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu tajriba loyihasi markazlashgan oqava tizimlariga ega bo‘lmagan hududlardagi ijtimoiy infratuzilma obyektlarida keng tadbiq etish maqsadida amalga oshirilmoqda. Shuning uchun 3 ta maktabda amalga olishirilgan “Soakaway filtrlash maydoniga ega septik” tajriba loyihasi natijalari yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan o‘rganish va baholash ishlarini amalga oshirish, unda yangi tipdagi septik tizimining joriy normalarga muvofiqligini o‘rganish, tegishli normativ hujjatlarga kerakli o‘zgartirishlar kiritish, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi yangi tipdagi septik va hojatxona loyihalari asosida texnik uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilib tasdiqlanishi ta’minlanadi.
Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyat hokimliklari tomonidan ushbu tajriba loyihasini amalga oshirish jarayonida va quriladigan yangi tipdagi septik tizimi va hojatxonalarni eksplutatatsiyaga qabul qilishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Ekspertlar tomonidan davlat tashkilotlari va xususiy sektor vakillari, loyihalash va qurilish sohasi vakillari hamda hojatxona va septik tizimlarini ekspluatatsiya qilish sohasi vakillari uchun 2 marta trening tashkillashtiriladi.
O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan septik tizimining filtrlash kameralarini mahalliylashtirish maqsadida ishlab chiqarish sohasi vakillari uchun birinchi treningda “infiltration chambers” kameralarining taqdimoti o‘tkaziladi.