Strategik islohotlar agentligi xodimlari Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandi. O‘rganishlar davomida tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Qamashi tumani 4-toifaga kiradi, tumandagi 61 ta mahallada 293 ming nafar doimiy aholi istiqomat qiladi. Tuman byudjeti daromadlari 99,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
- Qamashi tumanidan o‘tuvchi “M-39” (Almata-Toshkent-Termez) xalqaro va “A-378” (Ko‘kdala-Chim-G‘uzor) mahalliy avtomobil yo‘llari “Qiziltepa” va “Chim” mahallalari hududlaridan o‘tgan.
“M-39” xalqaro va “A-378” mahalliy avtomobil yo‘l bo‘yida infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha 6 ta ovqatlanish, 15 ta savdo, 5 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 2 ta mehmonxona, 2 ta internet kafelar va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish imkoniyati mavjud.
Shundan kelib chiqqan holda numan hududidan o‘tgan “M-39” xalqaro va “A-378” mahalliy avtomobil yo‘llari bo‘yida xizmat ko‘rsatish nuqtalarini joylashtirish maqsadida “Chim”, “Oqgo‘zar”, “Istiqbol”, “Azlartepa”, “Bunyodkor” va “Boburtepa” mahallalarida 5-10-yildan buyon foydalanmasdan kelayotgan 2,6 gektar lalmi yerlar toifasini o‘zgartirish va auksion savdolariga chiqargan holda tadbirkorlarga realizatsiya qilish taklifi tayyorlandi.
Natijada 30 ta xizmat ko‘rsatish shohobchalari tashkil etilib, 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda byudjet uchun qo‘shimcha 1,8 mlrd so‘mlik soliq tushumlari ta’minlanadi.
- Tumanda 1970-yilda Hisor tog‘ tizmasida dengiz sathidan 2850 metr balandlikda tashkil etilgan “Maydanak” observatoriyasi mavjud. Observatoriyada jami 7 ta teleskop joylashgan, ulardan eng yirigi linzasi 1,5 metr bo‘lgan AZT-22 teleskopdir.
Tumanning “Katta ura” mahallasidagi jami 65,7 gektar yer maydonida “Maydanak observatoriyasi” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish taklifi tayyorlandi.
Ma’lumot uchun: 2024-yil I-yarmida yilligida “Maydanak” observatoriyasiga 1,5 ming xorijiy (2023-yilda 650 nafar) 24 ming (2024-yilda 15 ming) nafar mahalliy turistlar tashrif buyurishgan.
Loyihani amalga oshirish uchun umumiy 65,7 gektar maydonini yer toifasini o‘zgartirish, toifasi o‘zgartirilgan yer maydonlarida tayyor biznes loyihani sotish tizimi asosida obyektlarni qurish va investorlarga sotish taklifi ishlab chiqildi.
Natijada 32 ta (restoran, kafe, savdo obyektlari, chang‘i, snoubord, lijalarni ijaraga berish nuqtalari, fitnes va SPA-markazlari) yirik va o‘rta xizmat ko‘rsatish, 113 ta turar joy obyektlari (sanatoriy, mehmonxona, dacha, bungalo planetarium, astronomik muzey) ishga tushiriladi va kuniga 1 300 dan ortiq fuqaroga xizmat ko‘rsatiladi.
- 3. Qamashi tumani “Navoiy” mahallasidagi “Zamaxshar” o‘quv markazi 2021 yildan buyon faoliyat yuritib kelib, hozirda unda 310 ta maktab o‘quvchilari qo‘shimcha tahsil oladi.
O‘quv markazida huquq, ingliz tili, ona tili va adabiyot, tarix, geografiya, rus tili va aniq fanlardan chuqurlashtirilgan tartibda dars beriladi.
2023/2024 o‘quv yilida “Zamaxshar” o‘quv markazida 300 ta talabadan 250 tasi (85%) davlat, 50 tasi (15%) xususiy institutlarga qabul qilingan, jumladan, 9 tasi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, 12 tasi Toshkent davlat yuridik institutilari talabalar safiga qo‘shildi. Talabalar tomonidan davlat imtixonlarida to‘plangan o‘rtacha ball 140 ballni tashkil etgan.
“Zamaxshar” o‘quv markaziga Yakkabog‘, Chiroqchi, G‘uzor tumanlari va Qarshi shahridan, shuningdek tumandagi 30 dan ortiq maktablardan o‘quvchilar qatnab o‘qiydi.
Hozirgi kunda “Zamaxshar” o‘quv markaziga qo‘shni tumanlardan ham talab yuqori bo‘lganligi sababli o‘quv-markazi kengaytirish talabi mavjud.
Shundan kelib chiqib, “Zamaxshar” o‘quv-markazini kengaytirish maqsadida uning yonidagi 1-son umumta’lim maktabi hududida joylashgan “Barkamol avlod” bolalar maktabi binosini 5-yil muddatga shartli ravishda ijara asosida berish taklifi ishlab chiqildi.
Buning natijasida umumta’lim maktablari o‘quvchilariga oliy ta’lim muassasalariga kirish metodologiyasi o‘rgatiladi, markazda maktablarning o‘qituvchi tarkibining malakasi bepul oshiriladi va milliy/xorijiy sertifikatlarni olish tizimini yo‘lga qo‘yilib, har yili 30 nafar iqtidorli bolalarni o‘quv markazida bepul o‘qitiladi va OTM imtixonlariga tayyorlanadi.
Strategik islohotlar agentligi va Qamashi tumani hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.