Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori B.Raxmatov va “Kallick Consulting LLC” kompaniyasi asoschisi, baholash va rejalashtirish masalalari bo‘yicha ekspert Djudye Kallik o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida B.Raxmatov xorijiy tomonni Agentlik faoliyati yo‘nalishlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, hududlar salohiyati va “o‘sish nuqtalarini” aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek xorijiy konsultant va ekspertlar jalb etishda muvofiqlashtiruvchi organ sifatidagi faoliyati bilan tanishtirdi.
Shu bilan birga, uchrashuvda D.Kallik bilan O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatishga xususiy sektorni jalb qilish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy standarti” loyihasini qabul qilish va amaliyotga joriy qilish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Agentlik va “Kallick Consulting LLC” o‘rtasida istiqboldagi hamkorlik, tajriba almashish, belgilangan maqsadlarga erishishda ilg‘or xorijiy amaliyotni qo‘llash borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.