O‘tgan hafta davomida Strategik islohotlar agentligi xodimlari Qoraqolpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandi. O‘rganishlar davomida tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Taxtako‘pir tumani 5-toifaga kiradi, tumandagi 17 ta mahallada 38 ming nafar doimiy aholi istiqomat qiladi. Tuman byudjeti daromadlari 4 mlrd so‘mni tashkil etadi.
1. 2023-yilda tumanda “Billur-1” galit mineral tuzi koni aniqlangan bo‘lib, unda 320 ming tonna galit tuzlari zaxirasi mavjudligi tasdiqlangan. Ushbu mineral tuzdan osh tuzi ishlab chiqarish mumkinligini inobatga olgan holda, galit tuz konini o‘zlashtirish orqali mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda osh tuzi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni tashkil etish taklifi tayyorlandi. Buning uchun auksion savdolariga chiqarilgan galit tuz konlari uchastkalarga tashabbuskorlarni jalb etish choralarini ko‘rish nazarda tutilmoqda.
Ushbu loyihaga investor jalb qilish orqali tumanga 5 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi, 60 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va byudjet uchun qo‘shimcha 2,8 mlrd so‘mlik manba yaratiladi.
2. Taxtako‘pir tumanida xizmatlar hajmi oshirish, yangi xizmat turlarini ko‘paytirish, aholi ehtiyojini qondirish uchun yil yakuniga qadar “Qaraoy” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi uzunligi 500 metr bo‘lgan ko‘cha bo‘yida 24/7 rejimida xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni barpo etish taklifi ishlab chiqildi.
Bunda, ushbu ko‘chada savdo do‘konlari, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Natijada aholi daromadlarini ko‘paytirish uchun xizmatlar sohasida umumiy qiymati 3,1 mlrd so‘mlik jami 5 ta yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali qo‘shimcha 24 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, byudjet uchun har oy qo‘shimcha 11,2 mln so‘mdan tushum paydo bo‘ladi.
3. Taxtako‘pir tumani markazidan 25 km masofada joylashgan xududda aniqlangan kvars qumlari zaxirasi qurilish qumlari sifatida foydalanishga yaroqli hisoblanadi.
Shuni inobatga olgan holda, 320 gektar yer maydonida 40 ta lotda kvars qum zaxirasidan mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda samarali foydalanish, kvars kum uchastkalariga tashabbuskorlarni jalb etish choralarini ko‘rishga doir taklif tayyorlandi.
Ushbu loyihaga investor jalb qilish orqali 2025-2026 yillarda qiymati 10 mln dollarlik loyihani ishga tushirish va 60 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish, 5 mln dollarlik eksport, byudjetga 3,7 mlrd so‘m mablag‘ tushirilish imkoniyati yaratiladi.
Hozirda Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir hujjat ishlab chiqilmoqda.