Strategik islohotlar agentligi xodimlari Qoraqolpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Tuman hokimligi vakillari bilan olib borilgan o‘rganishlar davomida tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Chimboy tumani 3-toifaga kiradi, tumandagi 22 ta mahallada 115 ming nafar doimiy aholi istiqomat qiladi. Tuman byudjeti daromadlari 38 mlrd so‘mni tashkil etadi.
1. Chimboy tumani hududida 100 metr chuqurlikda astraxanit (52%), galit (22%), mirabalit (6%), tenardit (5%) turidagi 400 mln tonna mineral tuzlar zaxirasi Mazkur zaxiradan unumli foydalanishga doir loyiha ishga tushirlganidan so‘ng yiliga 10 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, yurtimizda sulfat natriyga talab kuchli bo‘lgani sabab, 90 foizi (9 ming tonna) ichki bozorga va 10 foizi (1 ming tonna) tashqi bozorga sotilishi mumkin.
Ushbu imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida salohiyatli investorlarni jalb qilgan holda sulfat natriy mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi tayyorlandi.
Mazkur loyihaga 10 mln dollar investitsiya kiritish natijasida 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, byudjetga qo‘shimcha 2,6 mlrd so‘m tushumlar ta’minlanadi.
2. Chimboyda 1994-yilda tashkil etilgan bozor 2003-yilda ma’suliyati cheklangan jamiyatiga aylantirilgan. Ushbu bozor jami 535 ta o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 1 ta chorva mollarini sotish filiali ham mavjud.
Mazkur bozorda savdo qilish uchun aholi qo‘shni tumanlardan ham qatnaydi. Ammo bozorda joy yetishmasligi sababli har kuni 100 dan ortiq sotuvchilar ko‘chada savdo qilishga majbur bo‘lmoqda.
Ishlab chiqilgan taklifga ko‘ra ushbu bozor xududida kiymati 5 mln dollarlik 5 va 3 qavatli aholiga xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Buning natijasida aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi va 385 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, byudjetga qo‘shimcha 2,7 mlrd so‘m tushumlar ta’minlanadi.
3. Chimboy tumani xududida 1999-yilda tashkil etilgan va hozirda faoliyat yuritmayotgan “Gulparshin” sanatoriyasining binosiga yaqin xududda yer osti shifobaxsh artizian suvi mavjud bo‘lib, ushbu suv yordamida bemorlarni yod tankisligi, oyoq bo‘g‘in, ostexondroz, teri va tanosil hamda boshqa kasalliklar davolangan.
Sanotoriya 2004-yilgacha faoliyat yuritgan bo‘lib, 2007-yildan buyon Chimboy tumani Tibbiyot birlashmasining 3-sonli Reabilitatsiya bo‘limi sifatida qayta tashkil qilingan va mazkur binoda oxirgi marta 2009 yilda qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilgan.
Mazkur sanatoriyani qayta ta’mirlash va 75 o‘ringa mo‘ljallangan quvvatini oshirish, yer osti shifobaxsh suvidan foydalanishni qayta yo‘lga qo‘yish orqali uning salohiyatidan samarali foydalanish mumkin.
“Yangi Gulparshin” sanatoriyasi to‘liq quvvatda ishga tushirish natijasida Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan tashrif buyuruvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniya paydo bo‘ladi. Har bir davolangan bemordan tumanga o‘rtacha 600-700 ming so‘m tushum ta’minlanadi.
Natijada tumanda tibbiy xizmat sifati yaxshilanishi orqali 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, byudjetga qo‘shimcha 1,3 mlrd so‘mlik manba yaratiladi.
Ayni vaqtda Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir hujjat loyihasini ishlab chiqish ishlari davom etmoqda.