O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 29 maydagi “Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi samaradorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–198-son qarorida xorijiy konsultant va ekspertlarni buyurtmachi tashkilot hamda Strategik islohotlar agentligi o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida jalb qilish tartibi o‘rnatilgan.
Xususan, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan Hisob palatasi bilan birgalikda 20 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari bilan 122 ta xorijiy konsultant va ekspertlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar qayta ko‘rib chiqildi va hozirda ularni mazkur qaror talablariga moslashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan xorijiy konsultant va ekspertlarning yagona elektron reyestri (xorijiyekspertlar.uz) 2024 yil 1 iyuldan ishga tushirildi.
Bugungi kunda mazkur yagona elektron reyestrda vazirlik va idoralarning xorijiy konsultant va ekspertlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan 77 nafar xodimlar foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 19 tasi ariza topshirgan.
Bundan tashqari, portalda 16 ta loyiha joylashtirilgan, ulardan 5 tasi davlat xaridlari jarayonida. 21 nafar maslahatchi haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan xorijiy konsultant va ekspertlar bilan yangi tartibda tuziladigan shartnomaning namunasini ishlab chiqilib, 110 ta vazirlik va idoralarga taqdim qilindi.
Qaror talablari to‘g‘risida tushuntirish va yuzaga kelayotgan savollarga javob berish uchun vazirlik, idora va davlat tashkilotlarining tegishli tarkibiy tuzilmalarining mas’ul xodimlari ishtirokida seminarlar tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, tarkibiy islohotlarni samarali amalga oshirish uchun xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb qilish tartibi haqida vazirlik va idoralarga muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida xorijiyekspertlar.uz saytida bosqichma-bosqich yo‘riqnoma joylashtirilgan.