So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmatini rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil qilinib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan kadrlarni ochiq tanlov asosida qabul qilish maqsadida vacancy.argos.uz portali ishga tushirildi. Natijada ishga qabul qilishdagi 16 turdagi hujjatlar bekor bo‘ldi, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omili qisqartirildi.
Ma’lumot uchun: 68 ta davlat organlari hamda hokimliklardagi vakansiyalar bo‘yicha 1,4 mln nomzodlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazildi, 56,2 ming nafari ishga qabul qilindi (o‘rtacha bir joyga 25 ta nomzod to‘g‘ri keldi)
35 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari uchun malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi, 110 nafar rahbar kadrlar 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda stajirovka o‘tadi.
Ma’lumot uchun: Ilm.argos.uz masofaviy ta’lim portali ishga tushirildi, unda 460 dan ortiq videomateriallar, 240 dan ortiq adabiyotlar joylashtirildi, hozirda tizimda 34 ming nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
zaxira.argos.uz portali ishga tushirildi, rahbarlik lavozimlari uchun jami 300 nafar kadrlar zaxirasi shakllantirildi hamda maxsus o‘quv dasturi asosida malakasi oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun: mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollaridan yuqori natija ko‘rsatgan 250 nafari Salohiyatli kadrlar zaxirasiga saralab olindi.
Kadrlar ishini raqamlashtirish maqsadida hrm.argos.uz platformasi ishga tushirildi, unda 4 443 ta tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tdi, 93 ming nafar xodimlar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.
Ma’lumot uchun: natijada davlat xizmatchilarining yagona ma’lumotlari bazasi shakllandi, xodimlarga oid ish yuritish tizimi to‘liq avtomatlashtirildi, kadrlar bo‘yicha mas’ullarning ish hajmi va qog‘oz sarfi 50 foizga qisqardi.
Shu bilan birga, davlat organlarida kadrlar bilan ishlashning zamonaviy usul va mexanizmlari hamda yaxlit tizimini joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda hamda salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish va yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish talab etilmoqda.
Shunga ko‘ra, Strategik islohotlar agentligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi tayyorlandi.
Xususan, loyihada:
- 2024–2025 yillarda davlat xizmatini rivojlantirishning quyidagi 6 ta yangi asosiy yo‘nalishlarini belgilash taklif etilmoqda:
davlat organlarida kadrlar bilan ishlashning zamonaviy usul va mexanizmlari hamda yaxlit tizimini joriy etish;
davlat organlarida salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish; xodimlarning davlat fuqarolik xizmatiga (keyingi o‘rinlarda –davlat xizmati) qabul qilingandan boshlab, butun mehnat faoliyati davomida zarur bilim va kasbiy kompetensiyalari uzluksiz rivojlanishini tashkil etish va monitoring qilish; davlat xizmatida gender tengligini ta’minlash maqsadida xotin-qizlarga zaruriy shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkillashtirish;
davlat fuqarolik xizmatchilarining (keyingi o‘rinlarda – davlat xizmatchilari) odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash va kasbiy madaniyatni rivojlantirish orqali jamoatchilikning davlat idoralariga nisbatan ishonchini mustahkamlash;
davlat xizmatchilarining yuqori samarali mehnatga intilishini kuchaytirish, o‘z kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va yuqori natijalardan manfaatdorligini oshirishga qaratilgan mehnatga haq to‘lashning zamonaviy
va adolatli mexanizmlarini joriy etish.
- Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi – Davlat boshqaruvi akademiyasi – “El-yurt umidi” jamg‘armasining doimiy hamkorligiga asoslangan davlat xizmatida kadrlar tayyorlash klasterini joriy etish nazarda tutilmoqda.(3 ta tashkilotning yangi avlod kadrlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorligi hamda vakolat va mas’uliyati doirasi belgilanmoqda).
- Davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasini dastlab 1 yil muddatga tuzilishi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra shartnoma doimiy muddatga uzaytirilishi belgilanmoqda.
- Davlat xizmatiga ilk bor qabul qilinganlar dastlab majburiy qayta tayyorlash kurslarida, keyinchalik har 3 yilda malaka oshirib borishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur kurslar yakuni bo‘yicha davlat xizmatchisining zarur bilim
va kasbiy ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkazib borilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: Diagnostikada xodimning bilim darajasi, ma’naviy qiyofasi, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik ko‘nikmalari, O‘zbekiston tarixi
va davlat tilini bilishi, psixologik portreti, intellektual salohiyati baholab boriladi.
Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning bilim va ko‘nikmalari darajasi hamda faoliyat samaradorligi haqida ma’lumot beruvchi portfoliosini shakllantirilish taklifi ishlab chiqildi.
- Rahbar lavozimlarga kadrlar zaxirasi quyidagicha shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda:
a)respublika ijro etuvchi hokimiyati organlari uchun 500 nafar hamda mahalliy hokimliklar uchun 1 000 nafardan iborat Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish;
b)“Mahalla yettiligi”da faoliyat ko‘rsatib, ijobiy natijalarga erishganlar orasidan 1 000 nafar Salohiyatli kadrlar zaxirasi - Rahbarlikka iqtidorli kadrlarni tanlov asosida jalb etishga qaratilgan “TOP-100” dasturi joriy etishga doir taklif ishlab chiqilgan.
Taklifga ko‘ra, dasturda davlat xizmatchilari, jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar va Vatandoshlar ishtirok etishi mumkin. Tanlov g‘oliblari Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, Akademiyada rahbarlikka tayyorlanishi va xorijga stajirovkaga yuborilishi hamda moddiy rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun: BAAda “Barqaror rivojlanishning kelajak liderlari” dasturi (160 nafar), Ozarbayjonda “Yuksalish” dasturi (20 nafar), Rossiyada “Rossiya liderlari” dasturi (75-110 nafar), Qozog‘istonda “Prezident yosh kadrlar zaxirasi” dasturi (50 nafar) amalga oshiriladi.
- Davlat xizmatchilarida kasbiy madaniyatni shakllantirish maqsadida Agentlikda Odob-axloq komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha bo‘linma tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
- Davlat organlaridagi lavozimlarni egallash bo‘yicha ochiq tanlovlarni o‘tkazishning huquqiy tartibotlari mustahkamlanmoqda hamda ushbu sohada qonunbuzilish holatlariga javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Jumladan, tanlovsiz ishga qabul qilgan rahbarlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
- Davlat xizmatida oylik ish haqi tizimini tubdan isloh qilish belgilanmoqda. Bunda, lavozimlar yuklatilgan vazifalarning murakkabligi darajasiga ko‘ra “greyd” (sinf)larga ajratilib, ish haqi belgilanishi nazarda tutilgan (AQSh, Koreya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Singapur, Germaniya tajribasi).
Ish haqiga ustamalar faoliyat natijadorligi va samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI)ga bog‘lanadi (Singapur, Koreya tajribasi).
- Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tuzilmasida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etilmoqda.
Ma’lumot uchun: mazkur markaz rahbarlikka nomzodlarning kompetensiyalarini (kasbiy bilimi va milliy qadriyatlari, rahbarlik va boshqa ko‘nikmalari) baholash vazifasini bajaradi.
Rahbar kadlarning kompetensiyalarini baholash uchun mo‘ljallangan alohida markazlar Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Rossiya, AQSh kabi bir qator xorijiy davlatlarda mavjud.
- Xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish, tahlilini olib borish va samaradorligini baholash bo‘yicha yagona “Xizmat safari” elektron platformasini tashkil etish taklifi ilgari surilmoqda.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, loyiha bilan quyidagilarni tasdiqlash nazarda tutilmoqda:
a) Davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan davlat organlari
va tashkilotlarining ro‘yxati;
b)Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri;
v)Davlat fuqarolik xizmatida tanlov o‘tkazish tartibi;
g)Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish tartibi;
d)Davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka darajalari to‘g‘risidagi nizom;
e)Davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz ravishda oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
j)2024–2025 yillarda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi.
Hozirda Farmon loyihasi soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlar, fikr-mulohazalari va takliflari asosida takomillashtirilmoqda.