Qishloq xo‘jaligida genomni qayta ishlash, uning mahsulot tannarxini pasaytirish va sifatini oshirishdagi ahamiyati o‘rganildi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining genomlarini qayta ishlash sohasida olimlar tomonidan bug‘doy misolida olib borilgan tadqiqotlar qishloq xo‘jaligi ekinlarining moslashish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi va turli iqlim sharoitlariga chidamliligini oshirdi. Bu jarayon CRISPR (clustered regularly interspaced short palindromic repeats) deb nomlanuvchi texnologiyaga asoslangan.
FAO (BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti) 2024 yil uchun jahon don mahsuloti prognozini yangiladi. Endilikda bu ko‘rsatkich 2 854 mln tonnani tashkil etib, 4,5 mlrd nafar odamni oziqlantirish uchun yetarli hisoblanadi va yangi tarixiy rekord hisoblanadi.
FAO fikriga ko‘ra, bug‘doy genomini qayta ishlash oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun strategik qadamdir.
«CRISPR» — bu kuchli va juda aniq molekulyar vosita bo‘lib, genetik kodga maqsadli o‘zgartirishlar kiritishga qodir. Bu yaxshillangan xususiyatlarga ega bo‘lgan va kerakli ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan yangi gen variantlarini ishlab chiqarish imkonini beradi.
2020 yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti “genetik qaychi” yoki CRISPR/Cas9 g‘oyasini amalga oshirgan Emmanyuel Sharpente va Djennifer Daudnaga berildi. CRISPR/Cas9 usuli o‘simliklarni seleksiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochdi, saratonni davolashda innovatsion usullarni ishlab chiqishda va irsiy kasalliklarni davolashda qo‘llanilishi mumkin.
Ushbu usulning zamonaviy seleksiya amaliyotiga integratsiya qilinishi genetik o‘sish sur’atlarini jadallashtirishg, agronomik genlarni tezroq aniqlash, don massasini va bir boshdagi donlar sonini oshirish, genetik xilma-xillikni kengaytirish va vegetatsiya muddatini qisqartirish orqali sezilarli ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi.
Yurtimizda o‘simliklarni yetishtirish sharoitlari hududlardan kelib chiqqan holda har xil hisoblanadi. Genlarni qayta ishlash imkoniyati paydo bo‘lganligi sababli, bug‘doy navlarini tashqi muhit sharoitlariga moslashtirish an’anaviy seleksiya usullariga qaraganda ancha tezroq amalga oshirilishi mumkin. Bu O‘zbekistonning muayyan hududlari uchun foydali bo‘lishi mumkin, chunki bunday hududlarda vegetatsiya muddati qisqa bo‘lgan bug‘doy navlari kerak.
Navlarni qayta ishlashdagi yana bir muhim yo‘nalish – o‘g‘itlarning o‘simliklar tomonidan o‘zlashtirilishi hisoblanadi. Aslida, don hosilining narxiga ta’sir qiladigan asosiy omil – ishlatilgan o‘g‘itlar miqdoriga bog‘liqdir. Ishlatiladigan o‘g‘itlar miqdorini kamaytirish orqali bug‘doy narxini ham pasaytirish mumkin bo‘ladi.
Genomni qayta ishlash orqali nafaqat bug‘doydan olinadigan mahsulotlarning sifat tarkibini o‘zgartirish, bakli un, makaron, bo‘tqa kabi mahsulotlarning tarkibini o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Qayta ishlangan genlarni ma’lum kombinatsiyasi natijasida kaloriyasi kam bo‘lgan diyetik mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.
Bugungi kunda yurtimizda asosan universal hisoblanuvchi, ammo maqbul bo‘lmagan bug‘doy yetishtiriladi. Ushbu texnologiya yordamida kelajakda kerakli iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lgan yangi bug‘doy shakllarini olish mumkin bo‘ladi. Ularni maxsus maqsadlar uchun yo‘naltirgan holda makaron, non, bioyoqilg‘i va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishda ishlatish mumkin bo‘ldi.
Xitoyda “Qi Biodesign” kompaniyasi bug‘doy genomining 4 xil qismini qayta ishlab, kasalliklarga chidamlilik xususiyatini sezilarli darajada oshirishga erishdi. Shuningdek, ushbu genetik qayta ishlash bug‘doyning ba’zi navlarining hosildorligini saqlab qolish va hatto oshirishga yordam berdi.
Avstraliyadagi “InterGrain” kompaniyasi unumdorligi kamida 10%ga oshgan bug‘doy yuzlab yangi navlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Kanadada, Letbridj ilmiy-tadqiqot markazi olimlari kelajakda katta muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qurg‘oqchilikka bug‘doyning chidamliligini oshirish uchun bug‘doy genomini qayta ishlashga e’tibor qaratmoqda. Genomni qayta ishlash orqali ular turli sharoitlarda bug‘doy mahsuldorligini maksimal darajada oshirishni rejalashtirmoqda.
Qishloq xo‘jaligida har doim navlar himoyasini yenga oladigan yangi kasalliklar paydo bo‘lish xavfi mavjud. Bunday hollarda genomni qayta ishlash o‘simlikshunoslar va o‘simliklar patologlari bilan hamkorlikda ushbu muammoni tez va samarali hal qilishning asosiy vositasiga aylanadi.
Yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari genomi tadqiqotlari uchun zarur infratuzilmani yaratish va qo‘llab-quvvatlash bir necha asosiy elementlarni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvni talab qiladi:
1. Genom ma’lumotlarni tahlil qilish va saqlash uchun zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ixtisoslashtirilgan genom laboratoriyalarini tashkil etish. Bu laboratoriyalar yirik ilmiy markazlar va universitetlar bilan birlashtirilishi kerak.
2. Bug‘doy genetik ma’lumotlari bilan ishlashga qodir mutaxassislarni tayyorlash uchun universitetlarda genomika va bioinformatika bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish. Agronomiya va genetika sohasida faoliyat yuritayotgan olimlar va mutaxassislar uchun ham malaka oshirish kurslarini tashkil etish.
3. Kuchli hisoblash tizimlarini joriy etish va bug‘doy genomi ma’lumotlarini saqlash va tahlil qilish bo‘yicha milliy ma’lumotlar bazasini yaratish. Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va naslchilik dasturlari uchun modellarni yaratish uchun bioinformatika vositalarini ishlab chiqish va joriy etish.
4. Turli ekinlar urug‘lari saqlanadigan genetik banklarni Ushbu banklar genetik xilma-xillikni saqlash va keyingi tadqiqotlar uchun muhim manba bo‘la oladi.
5. Genom tadqiqotlari asosida ishlab chiqilgan yangi ekin navlarini sinovdan o‘tkazish va tatbiq etish tajriba-sinov stansiyalari tarmog‘ini yaratish. Bu dalalarda sinovlar o‘tkazish va navlarni turli iqlim sharoitlariga moslashtirish imkonini beradi.
6. Bug‘doy genomikasi loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida genetik texnologiyalardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yaratish.
7. Xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va ekinlar genomini o‘rganish bo‘yicha global loyihalarda ishtirok etish. Bu ilg‘or tajribalardan foydalanish va jahon ilmiy hamjamiyati bilan bilim almashish imkonini beradi.
8. Qishloq xo‘jaligi sohasi bilan hamkorlik qilish: genomik tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishda amaliy qo‘llash uchun fermerlar va qishloq xo‘jaligi kompaniyalari bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish.