Yurtimizdagi aksariyat viloyatlarda koʻcha, mahalla va tumanlarning nomlari oʻxshash. Hatto Toshkent shahrida ham 2010-yilda o‘tkazilgan nomlarni o‘zgartirish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbusga qaramasdan, bir qator ko‘chalar nomlari takrorlanmoqda. Strategik islohotlar agentligi eksperti Friderike Zayfert turli mamlakatlardagi ko‘chalarga nom berish tajribasini o‘rgandi.
Bir shahar yoki unga yaqin aholi punktlarida ko‘cha va mahalla nomlarining takrorlanishi quyidagilar kabi bir qancha muammolarni keltirib chiqaradi:
– chalkashlik: odamlar aniq manzillarni topishda qiynaladi;
– tez yordam, o’t o’chirish xizmatlari va ichki ishlar xodimlarining voqea joyiga tezda yetib borishlari qiyinlashadi;
– yetkazib berish xizmatlari: kuryerlar uchun to’g’ri manzilni topish murakkablashadi;
– iqtisodiy yo’qotishlar: mijozlar korxonalar manzilini topa olmasliklari mumkin, bu esa korxonalar uchun ma’lum yo’qotishlarga olib keladi;
– huquqiy va ma’muriy qiyinchiliklar: manzillardagi takrorlanuvchi nomlar mulkka egalik qilish bog‘liq bo‘lgan va huquqiy muammolarni murakkablashtiradi.
Ko‘cha va mahallalar nomlarining takrorlanishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun shahar va tumanlardagi ko‘chalar nomlari batafsil ko‘rsatilgan raqamli xaritalarni yaratishda geoaxborot tizimlaridan (GIS) foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ushbu xaritalar raqamlashtirilgan kadastr tizimi ma’lumotlarini o‘z ichiga olishi kerak. Buning natijasida mahalliy davlat hokimiyati organlari o’z mas’uliyatlari doirasida takrorlanuvchi nomlarni oson tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, muqobil variantlarni topishni osonlashtirish maqsadida nomlar ro’yxatini shakllantirish mumkin. Biroq shuni inobatga olish zarurki, mazkur ro’yxat yetarli darajada keng bo’lishi kerak.
Ko’pgina mamlakatlarda ko’cha va tumanlar nomlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi. Yangi inshootlar qurilganda quruvchilar manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashgach ko’cha uchun nom taklif qilishlari mumkin va bu takliflar keyinchalik mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan muhokama qilinadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari ham mustaqil ravishda yangi nomlar taklif qilishlari mumkin.
Misol uchun, Lids shahar kengashi (Buyuk Britaniya) ko’chalarni nomlash bo’yicha batafsil qo‘llanmaga ega. Ko‘chalar nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar 15 ish kun ichida ko‘rib chiqiladi. Tsyurix shahrida (Shveytsariya) ko’chalarga nom berish va qayta nomlash masalalari bo’yicha shahar ma’muriyatiga maslahat beruvchi maxsus komissiya mavjud.
Ko’chalarga nom berish bo’yicha quyidagi tavsiyalar mavjud:
– bitta shahar ichida nomlarning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik;
– yozilishi va talaffuzi qiyin bo’lgan nomlarni, shuningdek, chalkashlikka olib keluvchi nomlarni chetlab o‘tish;
– ko’chalarga nom sifatida ayni vaqtda hayot bo‘lgan insonlar ismlarini tanlamaslik;
– jamiyatning faqat bir guruhiga tegishli bo’lgan nomlarni qo‘ymaslik;
– reklamaga o‘xshash nomlarni qo‘ymaslik.
Ko’chalar ko’pincha diqqatga sazovor joylar sharafiga nomlanadi, masalan, Sohilbo’yi ko’chasi. Shuningdek ko‘chalar temir yo‘l vokzali kabi ularda joylashgan muassasalar nomi bilan atalishi mumkin. Misol uchun, ko’chalar shaharning asosiy biznes ko’chasi ekanligiga ishora qilish uchun “Anger” (“Markaziy hudud”) yoki “High Street” deb nomlanishi mumkin.
O’simliklar (ayniqsa, gullar va daraxtlar), hayvonlar (asosan sutemizuvchilar va qushlar) va sayyoralar nomlari ko’pincha mahalla va kvartallar uchun tanlanib, ulardagi ko’chalarga o’xshash mavzu doirasidagi nomlar beriladi. Bunday amaliyot neytral va munozara chiqarmaydigan nomlar tanlash va bir nechta ko’chalarga tezda nom berish imkonini beradi. Germaniyada aka-uka Grimmlar yoki ularning ertaklaridagi qahramonlar ismlari bilan atalgan ko’chalar ham bor. Bundan tashqari Germaniyada Till Eulenspiegel nomidagi ko‘chalar mavjud (O‘zbekistondagi Xo‘ja Nasriddinga o‘xshash qahramon).
Ko’chalar ko’pincha mashhur tarixiy shaxslar nomi bilan ham ataladi. Bular qatoriga shoirlar, yozuvchilar, musiqachilar, bastakorlar, faylasuflar, olimlar, shifokorlar, sportchilar, kosmonavtlar, siyosiy arboblar kiradi. Muhim tarixiy voqea va sanalar ko‘cha nomlari sifatida ham tanlanishi mumkin, masalan, Mustaqillik ko‘chasi.
Ko‘chalar, mahallalar va tumanlarning to‘g‘ri nomlanishi shahar infratuzilmasi va o‘zaro hamkorligini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi. Ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llash va GIS kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali maqbul natijalarga erishish mumkin. Ko’chalar nomlari barcha fuqarolar uchun tushunarli bo’lishi, madaniy va tarixiy merosni aks ettirishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.