Avval xabar berganimizdek, Strategik islohotlar agentligi Yuqori Chirchiq tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandi. O‘rganishlar davomida tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Yuqori Chirchiq tumani 2-toifaga kiradi, tumandagi 50 ta mahallada 142,4 ming nafar doimiy aholi istiqomat qiladi. Tuman budjeti daromadlari va xarajatlari tegishincha 80,6 va 141 mlrd so‘mni tashkil etadi.
1. Tumandagi “Chirchiq” mahallasi hududidan Yangibozor – Chirchiq shahri yo‘nalishdagi serqatnov avtomobil yo‘lining 250 metr qismi bo‘yidagi bo‘sh yerlarga yengil konstruksiya asosida savdo va maishiy xizmat shoxobchalarini qurish taklifi ishlab chiqildi.
Taklifga ko‘ra mazkur yo‘lning 250 metrlik qismini 24/7 ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar maskaniga aylantirish uchun yo‘lga yaqin bo‘lgan yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish nazarda tutilmoqda.
Natijada 6 mlrd so‘m investitsiya kiritilishi orqali 40 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etiladi, savdo va servis ob’ektlari hamda ko‘ngilochar maskanlar tashkil etish orqali 120 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tumanning yillik xizmat ko‘rsatish hajmi 3,5 mlrd so‘mga ortib, budjet uchun qo‘shimcha 450 mln so‘mlik tushum ta’minlanadi.
2. Tumandagi “Qangli”, “Miyam Qangli”, “Qo‘rsoy”, “Buloq boshi” mahallalarida yoz oyidan boshlab suv tanqisligi sababli aholining tomorqalardan foydalanish darajasi past bo‘lib kelmoqda.
“Parkent” kanali orqali Bo‘stonliq, Parkent, Yuqori Chirchiq va Ohangaron tumanlariga suv boradi. Yuqori Chirchiq tumani “Parkent” kanalining quyi qismida joylashganligi sababli sug‘orish mavsumida jami 1,5 ming ga yer maydoni va 42,5 km uzunlikdagi sug‘orish tarmoqlarini suv bilan ta’minlaydi. Ammo, suv o‘tkazish qobiliyati pasayganligi sababli qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta’minlash og‘ir bo‘lmoqda.
Mazkur holatga yechim sifatida quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
a) Hozirgi kunda suv tanqisligini hisobga olgan xolda, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan fermer va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga sarflangan elektr energiyasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi PQ-4999-son qarorga asosan budjetdan ajratiladigan subsidiyalar hisobidan qoplash tartibini boshqa yo‘nalishdagi, xususan bog‘dorchilik yo‘nalishlariga ham joriy qilish;
b) tumandagi “Jambul”, “Sohibkor” va “Olg‘a” mahallalari hududlaridagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini doimiy suv bilan ta’minlash uchun suv yetkazib beruvchi “Parkent” kanalining tegishli qismidan 7 m/kub sekund hajmida doimiy suv yetkazib turish va 42,5 km suv tarmog‘ini ta’mirlash.
Natijada tumanning 4 ta mahallasidagi 120 ta xonadonlarning 12 ga tomorqa yer maydonlari suv bilan ta’minlanadi. Yerdan unumli foydalanish evaziga yiliga 2-3 marta hosil olishga erishiladi.
Shu bilan birga, tumandagi jami 1 500 ga yer maydoni suv bilan to‘liq ta’minlanadi va 42 km sug‘orish lotoklarini rekonstruksiya qilish natijasida “Sohibkor”, “Jambul” va “Olg‘a” mahallalari hududlaridagi ekin maydonlaridan 2 marotaba hosil olinadi.
3. Yuqori Chirchiq tumani Toshkent shahriga yaqin joylashgan va ushbu hududda tadbirkorlik uchun yerga bo‘lgan ehtiyoj katta bo‘lib, yerlar qiymati yuqori hisoblanadi. Oldinlari xususiylashtirish dasturi orqali 0 qiymatda olingan bino-inshootlar va yerlar imkoniyatlaridan bugungi kunda samarasiz foydalanish holatlari uchramoqda.
Viloyat va tuman miqyosida barcha qarovsiz holatga kelgan hamda samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlar va yerlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish va uning natijalariga ko‘ra hozirgi kunda samarasiz, foydalanilmay turgan ob’ektlarga ta’sirchan soliq mexanizmini tadbiq etish (3 karra soliq to‘lash mexanizmi) taklifi ishlab chiqildi. Bunda har chorak yakuni bilan Halq deputatlari viloyat kengashiga ovoz berish sharti bilan qaror chiqarish vazifasini yuklash nazarda tutilmoqda.
4. Tuman hududidan o‘tuvchi “Qorasuv” daryosi o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlarini amalga oshirish orqali tegishli yer maydonlarini ekoturizm maskalari tashkil etish uchun ijaraga berish imkoni mavjud.
Bunda muhofaza qilish zonalarida ekoparklar, piknik zonalari, chodirli (kemping) va o‘tovli lagerlar, baliq ovlash maskanlari, qayiqda suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil qilish taklifi ishlab chiqildi.
Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.