Davlatimiz Rahbarining 2024 yil 4 martdagi PQ–109-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2024 yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi Strategik islohotlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tahlil qilinib, bu boradagi ishlar muvofiqlashtirib borilmoqda.
2024 yilning avgust oyida rejaga muvofiq 3 ta qonun, 3 ta Prezident qarori, 2 ta Hukumat qarori va 1 ta chora-tadbirlar dasturlari (jami – 9 ta tadbir) ishlab chiqilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kun holatida 2 ta (22 %) topshiriq ijrosi ta’minlandi.
Xususan, rejaning 3-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyuldagi “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–249-son qarori qabul qilindi.
Shuningdek, rejaning 45–bandini bajarish maqsadida Qurilish
va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining markaziy apparati tuzilmasida ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan Loyiha ofisi tashkil qilindi.
Shu bilan birga avgust oyida belgilangan boshqa tadbirlar bo‘yicha ham tegishli zarur choralar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, investitsiyalar ko‘lamini oshirishga qaratilgan qulay biznes ekotizimini shakllantirish, investorlarning huquqlarini himoya qilish hamda investitsiyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, rejaning 38-bandiga muvofiq davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘l infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, tirbandlikni kamaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beruvchi muqobil avtomobil yo‘llari tarmog‘ining huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi va ko‘rib chiqish Hukumatga kiritildi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi budjetga yukni kamaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan bir qatorda, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, avtotransport vositalarining harakatini tezlashtirish, umumiy yo‘llarda transport vositalarining sig‘imini oshirish imkonini beradi.
Rejaning 50-bandiga asosan shaharlarda piyodalar uchun xavfsiz
va qulay yo‘llar, pulli avtoturargohlar infratuzilmalarini rivojlantirishga oid tegishli Prezident qarori loyihasi Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, hozirda vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan tabiiy gazni qazib olishdan iste’molchilarga yetkazishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda hisoblagichlarni o‘rnatishga oid hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chilik institutlarini rivojlantirish dasturini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat qarorlari loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritish bo‘yicha ham tegishli ishlar davom ettirilmoqda.
Strategik islohotlar agentligi tomondan 2024 yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining bajarilishi bo‘yicha keng jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.