Avval xabar berganimizdek, Strategik islohotlar agentligi Bo‘ka tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandi. O‘rganishlar davomida tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Bo‘ka tumani 4-toifaga kiradi, tumandagi 44 ta mahallada 135,6 ming nafar doimiy aholi istiqomat qiladi. Tuman budjeti daromadlari va xarajatlari tegishincha 72,7 va 209,9 mlrd so‘mni tashkil etadi.
- 1. Bo‘ka tumani markazidagi “O‘zbek” mahallasi hududida joylashgan bozorda savdo rastalarining yetishmasligi sababli avtomobil yo‘llari va yo‘laklarda savdolar amalga oshirilib, natijada tirbandliklar yuzaga kelmoqda.
Bozor tuman markazida joylashganligi sababli uni rekonstruksiya qilish orqali kengaytirishning imkoni yo‘q. Oqibatda bozor ekologiya va sanitariya talablariga javob bermaydigan holatga kelib qolgan.
Bo‘ka tumani hududidan o‘tgan “Ohangaron – Guliston” xalqaro avtomobil yo‘lining 31 km qismidagi maydonda zamonaviy bozor tashkil qilish nazarda tutilmoqda.
Buning natijasida kamida 500 ta xizmat ko‘rsatish, savdo va yengil turdagi ovqatlanish shoxobchalarini tashkil etish orqali 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, soliq tushumi 8,3 mlrd so‘mga ko‘payadi, shu bilan birga auksion savdolari orqali tushadigan tushumlar 20 mlrd so‘mni tashkil etadi.
- 2. Tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkor tomonidan umumiy qiymati 10 mln dollar bo‘lgan zamonaviy ko‘chatxona, kichik agrologistik markaz hamda mevalarni shok usulida muzlatishni tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Buning uchun kichik agrologistik markaz hamda zamonaviy ko‘chatxona qurish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari bilan tadbirkorlarga berish taklifi tayyorlandi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali 400 nafar doimiy va 500 nafar mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yillik eksport hajmini 15 mln dollarga yetkazish hamda yiliga 5 mlrd so‘m soliq tushumlarini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
- Tumanda go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona mavjud emasligini inobatga olib “Jag‘albayli” mahallasida chorvachilik, kushxona, go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish taklifi tayyorlandi.
Mazkur holatga yechim sifatida ushbu mahallada joylashgan korxonalar tomonidan chorvachilik, kushxona, go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun 25 mlrd so‘m kredit mablag‘larini ajratish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu rejalar amalga oshirilgan taqdirda 30 mlrd so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga 30 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Shu bilan birga budjetga yiliga 2,5 mlrd so‘mlik tushum tushishga erishiladi.
Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.