Bugun Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va “DB Engineering & Consulting” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Innokentiy Belyakov-Zagumennov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: “DB Engineering & Consulting” Germaniyadagi eng yirik temir yo’l operatori bo‘lgan “Deutsche Bahn AG” kompaniyasining sho’ba korxonasi hisoblanadi. Konsern 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 100 foiz davlat ulushiga ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. Kompaniyada 340 ming ishchiga ega bo‘lib, 33,3 ming kilometr temir yo’llarni boshqaradi, yillik yuk tashish hajmi 100 mln tonnani tashkil etadi.
Uchrashuvda transport sohasida olib borilayotgan islohotlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “DB Engineering & Consulting” kompaniyasining “Toshshahartransxizmat” AJ haydovchilarini tayyorlash ko‘lamini kengaytirishga doir takliflari ko‘rib chiqildi, bu haydovchilarning malakasini oshirish va shahar transporti xizmatlari sifatini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, O‘zbekistonda transport tizimining samaradorligi va xavfsizligini oshirishga qaratilgan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va transport jarayonlarini optimallashtirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar transport sohasidagi joriy loyihalar ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldilar. Germaniya tomoni transport sohasiga doir takliflarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasini” qabul qilishni taklif qildi.