Strategik islohotlar agentligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni boshqaruv sohasi va davlat xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi tayyorlandi.
Xususan, loyihada Davlat boshqaruvi akademiyasini tubdan transformatsiya qilish yo‘nalishlari va unga yuklatiladigan asosiy vazifalar, shu jumladan davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirib borish, qayta tayyorlash, shuningdek, boshqaruv kadrlarini magistraturada va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarida tayyorlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish choralari belgilab berilmoqda.
Shuningdek, loyihaga ko‘ra Akademiyada quyidagilar o‘zgarishlarni amalga oshirish taklif qilinmoqda:
a)malaka oshirish bo‘yicha 1 oygacha bo‘lgan qisqa muddatli kurslar joriy etish (yillik qabul kvotasi 7 ming nafar tinglovchi);
Kurslar joriy va istiqboldagi vazifalar asosida ishlab chiqilib, rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan nomzodlar o‘qitilishi nazarda tutilmoqda.
b)ta’lim dasturlarini davlat xizmatchilariga vatanparvarlik xislatlarini singdirish va ulardagi milliy qadriyatlarni yuksaltirishga yo‘naltirishga qaratilgan tizimli choralar belgilash;
Jumladan, davlat xizmatchilariga malaka oshirish kurslari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston tarixi va madaniyati hamda davlat tilini chuqur o‘rgatish bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaz (institut)lari faoliyatiga uslubiy rahbarlik Akademiya tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
v) quyidagi 6 oygacha bo‘lgan qayta tayyorlash ta’lim dasturlari joriy etish:
Li Kuan Yu Davlat siyosati maktabi (Singapur) bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlari rahbar va boshqaruv kadrlari hamda mazkur lavozimlarga nomzodlar uchun – “Tizimli tahlil, strategik rejalashtirish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish”;
Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi (Germaniya) bilan hamkorlikda hokimlar va ularning o‘rinbosarlari hamda mazkur lavozimlarga nomzodlar uchun – “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish”;
Koreya Davlat boshqaruvi instituti (Janubiy Koreya) bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar siyosatiga mas’ul tarkibiy tuzilma rahbarlari uchun – “Kadrlar zaxirasini shakllantirish va inson resurslarini rivojlantirish”;
Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi (Germaniya) va Koreya Inson resurslarini rivojlantirish instituti bilan hamkorlikda tashabbuskor ayollarning rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni davlat xizmatiga tayyorlash uchun – “Rahbar ayollar” dasturi;
g)Akademiyada magistratura dasturlari sonini 5taga yetkazish (amalda 1 ta) va ularning barchasini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqish.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari malakasini doimiy oshirib borish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish taklifi tayyorlandi, unga ko‘ra:
a) Akademiya va vazirliklarning tegishli markazlari har o‘quv yili boshlanishiga qadar aniqlangan ehtiyojlar asosida malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqishi va DXRAda akkreditatsiyadan o‘tishi;
b)davlat organlari va tashkilotlari “Yordamchi guruhi”ga mansub xodimlarini o‘z tizimidagi, tegishli soha (tarmoq) qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida o‘qitishi;
v)Akademiya, shu jumladan uning filiallarida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash
Shuningdek, Akademiyaning ilmiy-tadqiqot va konsultativ faoliyatini rivojlantirish maqsadida uning tarkibida quyidagilarni tashkil taklifi ishlab chiqildi:
a)Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi;
Ma’lumot uchun: Markaz davlat boshqaruvini takomillashtirish boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishga, davlat xizmatini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni hamda tizimli ravishda davlat xizmati samaradorligini oshirish, ortiqcha byurokratik jarayonlar, majlisbozlik va qog‘ozbozlikning oldini olishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqishi rejalashtirilmoqda.
b)Inson resurslarini rivojlantirish ilmiy-uslubiy markazi;
Ma’lumot uchun: Markaz vazirliklar tizimidagi 80 tadan ortiq malaka oshirish markazlari faoliyatini ilmiy-metodik muvofiqlashtirishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Farmon loyihasi bilan Akademiyaning 2024–2025 yillarda kompleks chora-tadbirlar dasturini, ustavini va tinglovchilarni qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash taklifi ishlab chiqildi.
Hozirda Farmon loyihasi soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlar, fikr-mulohazalari va takliflari asosida takomillashtirilmoqda.