Strategik islohotlar agentligida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vakillari bilan joriy hamkorlikning asosiy masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi hamkorlik delegatsiyasi rahbarining birinchi maslahatchisi Vim Riepma va loyiha menejeri Yana Kurpisa ishtirok etdi.
Uchrashuv davomidagi asosiy masalalardan biri “Mamlakat platformasi” loyihasini davom ettirish uchun Oʻzbekiston tomonidan masʼul idorani aniqlash masalasi bo‘ldi. Shuningdek Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligida subsidiyalar samaradorligi tahlili ham muhokama qilindi. Ushbu tahlilning birinchi natijalari tez orada e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, yer qonunchiligini ishlab chiqish va yerlarning kadastr qiymatini shakllantirish loyihasi bo‘yicha ham fikrlar almashildi.
Tomonlar Agentlik vakillari Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan YI tomonidan moliyalashtirilayotgan joriy loyihalar bilan batafsil tanishish uchun yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Strategik islohotlar agentligi strategik tashabbuslarni amalga oshirish va davlat dasturlari samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro hamkorlar bilan faol hamkorlikni davom ettirmoqda.