Bugun Strategik islohotlar agentligida “Boston Consulting Group” kompaniyasi vakillari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’dumot uchun: “Boston Consulting Group” (BCG) – boshqaruv konsaltingiga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya bo‘lib, shu yo‘nalishdagi katta uchtalikka kiradi. Kompaniya ayni vaqtda yurtimizdagi vazirliklar va idoralar uchun qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
Unda BCG kompaniyasi boshqaruv direktori va katta hamkori (Yevropa, Afrika, O‘rta Osiyo va Janubiy Amerika mintaqalari bo‘yicha) Matias Tauber, kompaniyaning O‘rta yer dengizi mintaqasi bo‘yicha rahbari Davide di Domineko, BCGning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rza Nuriyev, shuningdek, kompaniyaning boshqa vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 martdagi PQ–109-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasidagi ustuvor chora-tadbirlarga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda “BCG” kompaniyasi energetika, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, yashirin iqtisodiyot va naqdsiz to‘lovlar, transport va bank sohalari bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan o‘tkazilgan muhokamalar natijalari va tayyorlangan takliflar yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, “Energetika sohasini 2035-yilgacha isloh qilish” bosh-rejasi va “Energetika bozorida tariflar, imtiyozlar va subsidiyalarni modernizatsiya qilish va shakillantirish” bo‘yicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shu bilan birga, transport sohasiga oid takliflar qatorida yo‘llarda raqamli yegizak tizimini amalga oshirish, tirbandliklar hosil bo‘ladigan yo‘llarni aniqlash tizimini joriy etish takliflari muhokama qilindi.
Tomonlar vakillari belgilangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini izhor etdilar. “BCG” kompaniyasi bilan hamkorlik islohotlar jarayonini jadallashtirishi va iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida innovatsion yechimlarni joriy qilishi qayd etildi.