2024 yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarori) nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida bugun Strategik islohotlar agentligida Buyuk Britaniyaning “Sandstone Global Productions” kompaniyasi vakillari Bettani Xyuz va Diksi Styuart onlayn-uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: “SandStone Global Productions” asosan mamlakatlar yoki tarixiy voqealar bilan bog’liq hujjatli filmlar ishlab chiqaradi. Filmlar namoyish etiladigan asosiy kanallar: Channel 4, Channel 5, BBC World News, BBC Four, Apple Podcasts, Spotify va boshqalar.
Onlayn-uchrashuvda Britaniya tomoni turli mamlakatlarning turistik salohiyati va filmlarning turizm sohasidagi real ko‘rsatkichlarga ta’siri haqida ommabop teleko‘rsatuvlar tashkil etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, Diksi Styuart “Albaniya xazinalari” filmi suratga olinib, 2022-yil oktabr oyida namoyish etilganidan so‘ng bu mamlakatga turistlar oqimi 89 foizga oshganini ma’lum qildi.
Bettani Xyuz, o‘z navbatida, Turkiya haqidagi 4-chi, Ozarbayjon haqidagi 3-filmni suratga olish rejalari bilan o‘rtoqlashdi, bu esa uning dasturiga yuqori ko‘rsatkich va jamoatchilik qiziqishidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan kompaniya O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati to‘g‘risidagi media-kontentni tayyorlash va tarqatish bo‘yicha taklif bilan chiqdi.
Ma’lumot uchun: “Bettani Xyuzning dunyo xazinalari” ko‘rsatuvining birinchi fasli 2021-yilda chiqqan bo‘lib, Gretsiya, Malta, Gibraltar, O‘rta yer dengizi orollari, Istanbul, Saudiya Arabistoni haqidagi 6 ta epizodni o‘z ichiga olgan. Ikkinchi fasl 2023 yilda chiqdi va Iordaniya, Kipr, Turkiya, Albaniya, Ummon va Ozarbayjon haqidagi epizodlardan iborat edi. Dastur dunyoning 120 telekanalida namoyish etiladi. Uning global ta’sir doirasi 1 milliarddan oshgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar rejalashtirilgan loyihani batafsil muhokama qilish va O‘zbekistonning turistik salohiyati haqida jahon hamjamiyatining xabardorligini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlashga kelishib oldilar.