Strategik islohotlar agentligi tomonidan Olmaliq shahrining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganishlar davomida shahar hokimligi bilan birga hududni rivojlantirishga doir tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Olmaliq shahri 2-toifaga kiradi, shaharning 145,1 ming nafardan iborat doimiy aholisi 52 ta mahallada istiqomat qiladi. Shahar byudjeti daromadlari va xarajatlari tegishincha 137,3 mlrd va 213,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.
1. Olib borilgan o‘rganishlar davomida Olmaliq shahri hududidagi bo‘sh yerlardan samarali foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Masalan, “Hilol” mahallasi hududida 227,4 ga bo‘sh turgan yer maydoni mavjud. Mazkur yerdan samarali foydalanish maqsadida bu yerda industrial texnoparkni tashkil qilish taklifi ishlab chiqildi.
Mazkur tashabbusni amalga oshirish hisobiga texnoparkda 35 tadan ortiq sanoat (qurilish mollari, maishiy asbob-uskunalar va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish) loyihalarini joylashtirish orqali 1 mlrd dollardan ortiq investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, loyihalarni ishga tushirilishi natijasida 8000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, qo‘shimcha eksport uchun 350 mln dollar miqdorida mahsulotlar ishlab chiqarilishi hamda byudjetga yillik qariyb 60 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum jalb etish imkoniyati mavjud.
2. Bugungi kunda Olmaliq shahridagi kichik sanoat zonasi hududida bo‘sh yerlar (lotlar) Ammo shaharning “Bo‘ston” mahallasida bo‘sh turgan 33,8 ga yer maydoni mavjud.
Shaharga ko‘plab xorijiy investorlar tashrif buyurishini inobatga olgan holda va mahalliy tadbirkorlar hamda investorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, “Bo‘ston” mahallasi xududidagi bo‘sh turgan 33,8 ga yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil qilish taklifi tayyorlandi.
Kichik sanoat zonasini tashkil etish natijasida 250 mln dollar qiymatida investitsiya, 1 800 ta yangi ish o‘rni, byudjetga qo‘shimcha 15 mlrd so‘m tushumlar ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
3. Olmaliq shahri sanoatga ixtisoslashganligiga qaramasdan, shaharda va unga yaqin hududlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashish bo‘yicha logistika markazi mavjud emas.
Yechim sifatida tayyorlangan taklifga ko‘ra Olmaliq shahri “Hilol” mahallasi hududidagi bo‘sh turgan 4 ga yer maydonida xalqaro tashish va saqlashga ixtisoslashgan xalqaro logistika markazini tashkil etish va ushbu markazga temir yo‘l tarmog‘ini olib kelish taklifi ishlab chiqildi.
Mazkur taklifni amalga oshirish natijasida Olmaliq shahri hududida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni bozorlarga (respublikaning boshqa hududlariga va xorijga) hamda buyurtmachilarga yetkazib berish uchun keng qulayliklar yaratiladi.
Jumladan, temir yo‘l tarmog‘i bilan bog‘langan xalqaro logistika markazini tashkil etilishi natijasida 200 ta yangi ish o‘rni va byudjetga qo‘shimcha 15 mlrd so‘m tushumlar tushirish imkoniyati yaratiladi.
4. Bugungi kunda Olmaliq shahrida jami 67 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Shundan 20 tasi davlat, 14 tasi “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi, 11 tasi xususiy, 22 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hisoblanadi.
Shaharda 3-7 yosh oralig‘idagi bolalar soni 10 752 nafarni tashkil etadi, ammo maktabgacha ta’lim bilan faqatgina 8029 nafari (74,6%) qamrab olingan.
Maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida “Do‘stlik” mahallasida joylashgan 60 ta o‘ringa mo‘ljallangan 12-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti va “Oltin” mahallasidagi 75 ta o‘ringa mo‘ljallangan 2-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rniga mos ravishda 180 o‘rinli va 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish taklifi tayyorlandi.
Buning natijasida hududdagi 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 74,6 foizdan 80 foizgacha oshadi.
Strategik islohotlar agentligi va Olmaliq shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Toshkent viloyati Olmaliq shahrida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi.