Bishkekda MINEX Central Asia 10-kon-geologiya forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda 24 davlatdan 148 ta tashkilot va kompaniyaning 300 dan ortiq vakillari ishtirok etib, Markaziy Osiyoda tog‘-kon sanoatining istiqboli va barqaror rivojlanishi senariylarini muhokama qildilar.
Forum Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda investitsiya imkoniyatlarini namoyish etish, Markaziy Osiyo Oltoy mineral kamari salohiyatini ochishda mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash uchun oʻziga xos platforma boʻldi.
Forumda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tog‘-kon sanoatida raqobatbardoshlikni saqlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Birinchi yalpi majlisda qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha loyihalar taqdimoti, mintaqaviy va xalqaro darajadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish uchun maydon taqdim etildi.
Ikkinchi yalpi majlis energetika, suv resurslari va iqlim o‘zgarishini boshqarish masalalariga bag‘ishlandi. Mintaqa dunyoning boshqa qismlariga qaraganda tezroq isib borayotgani sababli, yer qa’ridan foydalanuvchilarga iqlim o’zgarishi va suvni tejash strategiyasini tezroq amalga oshirish kerak bo’ladi.
Uchinchi yalpi majlis tog‘-kon sanoati va xalqaro investorlarning mineral-xom ashyo salohiyatini ochishga qaratildi. Markaziy Osiyo energiya almashinuvi uchun zarur bo’lgan metallar va materiallar ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yakuniy to’rtinchi yalpi majlisda muhim materiallar va qimmatbaho metallar uchun barqaror ta’minot zanjirlarini rivojlantirishni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
MINEX Central Asia 2024 forumi Markaziy Osiyoda tog‘-kon sanoatini barqaror rivojlantirish uchun xalqaro hamkorlik, investistiyalarni jalb qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish muhimligini namoyish etdi.
Strategik islohotlar agentligi iqtisodiyotning strategik muhim tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni, investitsiyalar va innovatsiyalar uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlashni davom ettiradi.