Avval xabar berganimizdek, Strategik islohotlar agentligi Yangiyo‘l shahrining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandi. O‘rganishlar davomida shahar hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: Yangiyo‘l shahri 2-toifaga kiradi, shaharning doimiy aholisi soni 85,5 ming nafardan iborat bo‘lib, 22 ta mahalla mavjud. Shahar byudjeti daromadlari va xarajatlari tegishincha 56,1 va 137,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PQ–245-sonli qarori bilan Yangiyo‘l shahrida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shahar markazini rivojlantirish hamda uni aglomeratsiyaga aylantirish maqsadida shaharning master-rejasini ishlab chiqish belgilandi.
Mazkur qaror “Mezon” mahallasida 1957-1960 yillarda qurilgan 12 ta ikki qavatli 140 xonadonli uylar o‘rnida “Renovatsiya” dasturi doirasida qiymati 210 mlrd so‘mlik 14 ta 7 va 14 qavatli 586 xonadonli zamonaviy uylar qurilishi nazard tutilmoqda.
Buning natijasida 2,1 ming aholining turmush darajasi yaxshilanadi, 1,6 ming kvadrat tijoriy mulk paydo bo‘lishi orqali 208 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Mahalliy byudjetga yillik o‘rtacha 77 mln so‘m mulk solig‘i, 700 mln so‘m daromad solig‘i va ijtimoiy soliq tushishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, “Yangihayot” mahallasi hududidagi 15 gektarlik yer maydonida qiymati 30 mln dollarlik zamonaviy ko‘ngilochar xiyobonini barpo etish rejalashtirilgan. Bunda shaharga qo‘shimcha 50 ming aholi tashrif buyuradi (yiliga 600 ming), 30 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, 400 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, byudjetga qo‘shimcha 3,5 mlrd so‘m soliq tushiriladi.
2. Shaharning “Yangibog‘” mahallasidagi eski chiqindixonaning 8 gektar yer maydoni investorga 1,2 mln dollar investitsiya kiritish sharti bilan kichik sanoat loyihalarini joylashtirish maqsadida ajratib berilgan.
Biroq mazkur hudud qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanganligi bois ajratilgan yer maydonidan 4 yildan buyon foydalanilmasdan kelinmoqda.
Ajratilgan yer maydonining toifasi o‘zgartirib berilsa, investor bu yerda kamida 15 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiya kiritib, oziq-ovqat mahsulotlarini (bondyuel, baliq va boshqa konservalangan mahsulotlar) ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirishni rejalashtirilgan.
Natijada 200 nafar ish o‘rni hamda 5 mln dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Byudjetga yillik qo‘shimcha 15 mlrd so‘m tushishi ta’minlanadi.
3. Yangiyo‘l shahrida bugungi kunda 1 200 dan ziyod aholi mustaqil uy-joyga muhtoj hisoblanadi. Bundan tashqari, M-34 “Toshkent-Dushanbe” xalqaro avtomagistral yo‘li imkoniyatidan to‘liq foydalanilmasdan kelinmoqda. Bugungi kunda aholini uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va shaharda xizmatlar sohasini rivojlantirishga katta ehtiyod mavjud.
Ma’lumot uchun: shaharning “Nov”, “Yangixayot”, “Yangiobod”, “Farovon”, “Fayzli”, “Oltinobod”, “Turkiston” va “Mustaqillik” mahallalari 3 kmlik M-34 “Toshkent-Dushanbe” xalqaro avtomagistral yo‘li bilan bog‘langan. Kuniga 10 ming avtotransport vositalari qatnaydi. Biroq, ushbu hududda xizmat ko‘rsatish obyektlari rivojlanmagan.
Shahardagi “Yangihayot” mahallasining 9,5 gektar yer maydonida zarur ijtimoiy infratuzilmaga ega bolalar maydonchalari, maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, sport inshootlari hamda umumiy ovqatlanish joylariga ega bo‘lgan turar joy massivini qurish orqali M-34 avtomagistral yo‘li bilan bog‘lash imkoni mavjud.
Ma’lumot uchun: hozirda 9,5 gektar yer maydonga ko‘p-qavatli uy-joy qurish amalga oshiradigan tashabbuskorlar mavjud.
Mazkur holatga yechim sifatida tashabbuskorlar tomonidan 20 ta 7-9 qavatli uy-joylar qurilib, “Yangiyo‘l City” zamonaviy turar joy majmuasi yaratilib, 900 ta oila uy-joy bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ushbu qo‘p qavatli uy-joylarning birinchi qavatlarida zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan 100 ta xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtirilishi evaziga 300 nafardan ortiq fuqarolarimizning bandligi ta’minlanadi hamda davlat byudjetiga 1,3 mlrd so‘m tushishi ta’minlanadi.