Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan Quyichirchiq tumani salohiyati oʻrganilib, qoʻshimcha iqtisodiy “oʻsish nuqtalari” aniqlandi. Tuman hokimligi bilan hamkorlikda olib borilgan o‘rganishlar natijasida tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Nota bene: Quyichirchiq tumani 2-toifaga kiradi, tumanning doimiy aholisi soni 115,9 ming nafardan iborat. Tumanda 37 ta mahalla mavjud. Tuman byudjeti daromadlari miqdoir 152,6 mlrd so‘mni, xarajatlar miqdori esa 152,6 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Quyichirchiq tumani salohiyatini o‘rganish jarayonida tumandagi “Jumagul” mahallasi hududidagi 1,8 gektar, “Ibrat” mahallasidagi 1,5 gektar bo‘sh yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish orqali kichik sanoat zonalari tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur taklif amalga oshirilgan taqdirda 8 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan sanoat loyihalari amalga oshirilishi, 120 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi, tuman sanoati hajmi 20 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Quyichirchiqdagi baliqchilik xo‘jaligida intensiv baliq yetishtirishni tashkil etish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqildi.
Xususan, tumanda 4 ming gektardan ortiq sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchi 103 baliqchilik xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ularda yetishtirilayotgan baliq mahsulotlarining hosildorligi 1 gektarda 1,5-2 tonnadan oshmaydi. Shuning uchun tumandagi barcha baliq ovlash maydonlari va bo‘sh yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilib, unumdorligini oshirish, baliq boqishning intensiv usuliga o‘tkazish maqsadida kam rentabelli suv havzalari faoliyati o‘rganildi.
Shuningdek, bugungi kunda “Baliqchi” mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan 2-sonli kasb-hunar o‘quv yurti 1970-1980-yillarda mahalliy baliqchilik xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan mazkur soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha amaliyot markazi bo‘lgan.
Shu munosabat bilan baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash va amaliyot o‘tashini tashkil etish, shuningdek, muassasani laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash va 2-3 oylik malaka oshirish kurslarini tashkil etish taklifi ishlab chiqildi.
Tumanda baliq yetishtirishning intensiv usullarini joriy etish baliqlar sonini 2-3 barobar oshirish, aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish, baliqchilik tarmog‘ida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.