“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iqtidorli yoshlarni xorijdagi nufuzli muassasalarda ta’lim olishini tashkil etish borasida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali AQSH va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlarini 50 nafar yoshlar bitirdi va ularda o‘qiyotgan vatandoshlarimiz 200 dan oshdi. Umuman, hozirda 110 ming yoshlar xorijda tahsil olayapti.
Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar iqtisodiyotning drayver sohalarida (energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, arxitektura, qurilish va IT) maxsus bilim va kasbiy ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mutaxassislarni xorijda o‘qitish va malakasini oshirish, ular tomonidan o‘zlashtirilgan ilmni amaliyotda qo‘llash samaradorligini oshirish talab qilinmoqda.
Shunga ko‘ra, Strategik islohotlar agentligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi tayyorlandi.
Xususan, loyihada:
- “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy ta’lim va stajirovka dasturlari tizimi quyidagicha belgilanmoqda:
- a)vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar xodimlarining, ya’ni davlat xizmatchilarining maqsadli stajirovkasi (3 oydan 6 oygacha);
- b)ochiq stipendiya tanlovlariga asoslangan xorijiy nufuzli oliy ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlarning bakalavriat (3–4 yilgacha), magistratura (1–2 yilgacha) va doktoranturada (3–4 yilgacha) ta’lim olish.
- Maqsadli stajirovkaga yuborilgan vazirlik, idora va strategik korxonalarning mutaxassislari, ya’ni davlat xizmatchilari, stajirovka yakunlagandan so‘ng qaytib kelgan tashkilotida keyingi 3 yilda bajarishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar (maqsadli ko‘rsatkichlar – KPI) belgilab beriladi.
Bunda, stajirovka o‘tagan mutaxassislarning xorijda olgan nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va tajribalarini amaliyotga joriy qilishi, ularning kasbiy o‘sib borishi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.
- “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, tashkilotlar bilan stipendiatlar o‘rtasida doimiy ochiq muloqotni yaratish, xorijda ta’lim olgan iqtidorli yoshlar zaxirasini muntazam yangilab borish, ularni mehnat faoliyatini monitoringini yanada samarali tashkil etish maqsadida yagona zamonaviy onlayn platformani ishga tushirish belgilanmoqda.
- Xalqaro reyting tashkilotlarining top–100ga kiritilgan oliygohlariga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilingan nomzodlarga tanlovlarsiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalarini berish taklif qilinmoqda.
- “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali ta’lim dasturlarini tamomlagan stipendiatlarning O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalar bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlarda va yirik kompaniyalarda bir yilgacha stajirovka o‘tashiga yoki amaliy faoliyat bilan shug‘ullanishiga ruxsat berilmoqda.
Hozirda Farmon loyihasi soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlar, shuningdek, xorijda ta’lim olib qaytgan va o‘qiyotgan stipendiatlar fikr-mulohazalari va takliflari asosida takomillashtirilmoqda. Loyiha zamonaviy bilimlarga ega va kreativ fikrlaydigan yangi avlod kadrlarini izlab topish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.