Strategik islohotlar agentligi tomonidan ma’muriy choralar va ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligi o‘rganildi.
Bugungi kunda ma’muriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlarining yo‘qligi sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib bo‘lgan jarima solinishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu yo‘nalish tartibga solinmaganligi bois manfaatdor davlat organlari tomonidan jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga doir qonun loyihalarini tashabbuskorlik bilan ishlab chiqish holatlari ko‘payib ketdi.
Masalan, avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarda tutilgan 8,5 mln so‘mlik jarima belgilanganda, ruxsatnomaning narxi 11-13 mln so‘m bo‘lgan. Bugungi kunda ruxsatnoma 2,7 mln so‘m etib belgilangan, ammo jarima miqdori esa o‘zgarishsiz qolmoqda.
Nota bene: Qozog‘istonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun o‘rnatilgan jarima 468 ming so‘mni, Rossiyada – 60 ming so‘mni, Belarusda – 138 ming so‘mni tashkil qiladi.
Ta’kidlash joizki, fuqarolarning sog’lig’i va hayoti xavfsizligi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirish uchun belgilangan jarimalardan ustuvorlik jihatidan muhimroq hisoblanadi.
Shuningdek, keyingi yillarda yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzish oqibatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, shu jumladan, inson o‘limiga olib kelayotgan YTHlar soni ko‘payib bormoqda (2023-yilda 9839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, shulardan 9209 tasida fuqarolar jabr ko‘rgan bo‘lib, 2282 tasi odam o‘limiga sabab bo‘lgan).
Fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida inson hayoti va sog‘lig‘iga bevosita daxldor bo‘lgan YTHlar uchun belgilangan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish va og‘irlashtirish zarur (piyodalar yo‘laklarida transport vositalarida harakatlanish (170 ming so‘m), piyodalar yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi (113 ming so‘m).
Ma’lumot uchun: Germaniyada piyodani o‘tkazib yubormaganlik uchun belgilangan jarima miqdori 1,1 mln so‘m, Buyuk Britaniyada – 1,6 mln so‘m, Fransiyada – 1,85 mln so‘m, BAAda – 1,7 mln so‘mni tashkil etadi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda (Belarus, Latviya, Qozog‘iston, Rossiya, Germaniya, Italiya) ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” instituti joriy qilingan. “Ogohlantirish” jismoniy va yuridik shaxslarning sog’lig’i, hayoti va mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun qo’llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (23-modda) muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun 7 turdagi ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin. Biroq ma’muriy jazo turi sifatida “ogohlantirish” qo’llanilmaydi.
Shu munosabat bilan Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
1) joriy ma’muriy jarimalar miqdorini ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirish;
2) fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish masalasini ko‘rib chiqish;
3) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalarining korrupsiyaga qarshi kompleks ekspertizasini o‘tkazish;
4) Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksga ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” institutini kiritish.