Strategik islohotlar agentligi tomonidan o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim dasturlarini integratsiyasini ta’minlash masalasi xorijiy tajriba asosida o‘rganildi va takliflar ishlab chiqildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 3 bosqichli – boshlang‘ich (kasb-hunar maktabi), o‘rta (kollej) va o‘rta maxsus professional ta’lim (texnikum) tizimi asosida yoshlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
Ayni vaqtda 9–sinf maktab bitiruvchilarining 79,8% umumta’lim maktablarida, 15,6% kasb-hunar maktablarida hamda 4,6% akademik litseylarda o‘qishini davom ettirmoqda.
Kasb-hunar maktablari bitiruvchilarida 2 yil davomida kasb egallab, oliygohlarga o‘qishga topshirish imkoniyati mavjudligi sababli mazkur ta’lim bosqichiga talab yuqori (to‘ldirish koeffitsiyenti – 80%).
Kollej va texnikum dasturlari o‘rtasida o‘zaro va oliy ta’lim dasturlari bilan integratsiya mavjud emasligi natijasida ta’lim bosqichlarini uzviy davom ettirish imkoniyati cheklangan.
O‘quvchilar kollej va texnikumlarga 11–sinf bazasi asosida qabul qilinishi hamda 1–2 yil tahsil olgach oliy ta’limda o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan taqdirda kamida 1 yil yo‘qotishi oqibatida mazkur ta’lim bosqichlariga talab pastligicha qolmoqda (kollej va texnikumlarda to‘ldirish koeffitsiyenti – 0,6%).
Nota bene: Buyuk Britaniyada professional ta’limning har bir darajasi oliy ta’lim darajasi bilan tenglashtirilgan va bir-birini to‘ldiradi. Masalan, kollejning 4 va 5–darajasini tamomlagan o‘quvchilar 2+1 sxemasi asosida navbatdagi 6–darajani kirish imtihonlarisiz universitetda davom ettirishi va yil yo‘qotishsiz bakalavriat darajasiga ega bo‘lishi mumkin.
Respublikamizda “Pearson BTEC”, “OTHM”, “Qualifi”, “ATHE” singari xalqaro darajada tan olingan, oliy ta’lim dasturlari bilan integratsiyalashgan milliy ta’lim dasturlari mavjud emas.
Shu munosabat bilan Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro malakalar bo‘yicha baholash amaliyotini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra tajriba-sinov tariqasida 24 ta tanlab olingan ta’lim muassasalarida o‘rta maxsus, professional va oliy ta’limning quyidagi integratsiyalashgan dasturlarini ishlab chiqiish va joriy qilish taklif qilinmoqda:
- a) o‘rta maxsus va bakalavriat inegratsiyalashgan 2+3 dasturi. Bunda, akademik litseylarda 2-yil davomida xalqaro “12th grade” dasturini tamomlagan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining 2-bosqichidan o‘qishni davom ettiradi;
- b) professional ta’lim va bakalavriatning integratsiyalashgan 1+3 va 2+2 dasturlari. Bunda:
1+3 yoki 2+2 dasturlari asosida professional ta’lim dasturi bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining 2 yoki 3-bosqichidan o‘qishini davom ettiradi;
professional ta’lim dasturining dastlabki yilini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga xalqaro tasniflagichning 4-darajasiga (UK Level 3) mos keluvchi diplom, ikkinchi yilini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga (UK level 4) mos keluvchi diplom beriladi.
Tanlab olingan ta’lim muassasalarining integratsiyalashgan dasturlarni moliyalashtirishning bir qismi ushbu ta’lim muassasalari uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan, qolgan qismi o‘quvchi va talabalarni o‘qitishdan kelib tushadigan to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun Angliyaning “Integrated Qualifications Framework” kompaniyasi bilan birgalikda Xalqaro malakalar markazini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqilgan qaror loyihasi yuzasidan o‘z fikr va mulohazalaringizni qoldirishingiz mumkin. Qaror loyihasi: ПҚ-лойиҳаси