Strategik islohotlar agentligi tomonidan Germaniyaning velotransportdan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash tajribasi oʻrganildi. Germaniyada mamlakat aholisining kamida 77 foizi yil davomida velosipeddan foydalanadi. Berlinda esa shahar aholisining kamida 25 foizi velosipedni asosiy transport vositasi sifatida tanlaydi. Shu bilan birga, soʻnggi oʻn yilda velosipedchilarning ulushi doimiy ravishda oshib bormoqda.
Velosipeddan foydalanishning oʻsish tendensiyasi qisman mazkur yoʻnalishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi bilan bogʻliq. Germaniyada federal, mintaqaviy va shahar darajasida velosipedni qoʻllab-quvvatlash dasturlari mavjud, jumladan:
- Xavfsiz va qulay velosiped yoʻllari va piyodalar yoʻlaklarini rejalashtirish, qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish;
- Velosiped yoʻllarini toza hamda toʻsiq va qorlardan xoli saqlash;
- Velosipedlar uchun toʻxtash joylarini taʼminlash, shu jumladan qurilish meʼyorlariga muvofiq yangi binolarda ularning majburiy boʻlishini, shuningdek, poyezd va metro bekatlari, universitetlar, maktablar kabi jamoat joylarida velosiped toʻxtash joylarini qurish;
- Baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida velosipedchilar uchun avtomobillar svetoforlaridan biroz oldinroq yonadigan alohida svetoforlarni oʻrnatish;
- Yashash joyidan ish joyiga velosipedda qatnashda masofaning har bir kilometri uchun 0,30 yevro, masofa 20 kmdan ortiq boʻlganda 0,38 yevro miqdorida soliq imtiyozlari;
- Federal hukumatdan elektrovelosipedlar va yuk velosipedlarini sotib olish uchun subsidiyalar xarid narxining 25% miqdorida, lekin har bir velosiped uchun 2700 dollardan koʻp boʻlmagan miqdorda;
- Boshlangʻich maktablarda ichki ishlar organlari xodimlari yordamida tashkil etiladigan velosipedchilarni tayyorlash kurslari;
- Aholi turar joylari va maktablar atrofida tezlik chegaralarini kamaytirish;
- Velosiped yoʻlaklarida noqonuniy toʻxtatilgan avtomobillar uchun jarimalar;
- Viloyatlar va shaharlar oʻz hududida velosportni rivojlantirish konsepsiyalarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari shart.
Germaniya hukumati quyidagi qoʻshimcha choralarni koʻrish orqali velosheringni qoʻllab-quvvatlaydi:
- Federal hukumatning velosipedlarni sotib olish va veloshering kompaniyalari tomonidan ijara stansiyalarini yaratish uchun ajratiladigan subsidiyalar;
- Davlat universitetlari va jamoat transporti kompaniyalari oʻz aʼzolari uchun chegirmali narxlar evaziga veloshering kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi;
- Baʼzi shaharlar veloshering uchun chegirmalar yoki vaucherlarni taklif qiladi.
Strategik islohotlar agentligi Germaniyaning mazkur yoʻnalishdagi ijobiy tajribasini hisobga olgan holda velotransportdan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash va ommalashtirishga doir Prezident qarori loyihasini ishlab chiqmoqda. Loyihada velotransportdan foydalanishni ragʻbatlantirish choralari va zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha pilot loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Pilot loyihasi amalga oshiriladigan hudud sifatida Namangan shahri tanlangan boʻlib, u yerda velosiped infratuzilmasini rivojlantirish va veloshering tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Maʼlumot uchun: Germaniya va Oʻzbekiston iqlimi
Germaniya | Oʻzbekiston | |
Oʻrtacha temperatura
Yanvar Aprel Iyul Oktyabr |
1°C 9°C 19°C 10°C |
– 2°C 15°C 28°C 13°C |
Yogʻingarchilik (bir oyda) | 42-88 mm | 27-35 mm |
Oʻrtacha shamol teziligi | 2.6-9.3 m/s | 2.1-9.4 m/s |
Quyosh nuri miqdori (bir oyda) | 35–305 soat | 107-382 soat (Toshkent) |
Ushbu maʼlumotlar Oʼzbekistondagi iqlim sharoiti yil davomida velosipeddan foydalanish uchun qulay ekanligini koʼrsatadi. Bu esa tegishli dasturlarni ishlab chiqish istiqbollarini tasdiqlovchi qoʼshimcha omil boʼlib, velosipedchilar sonining sezilarli darajada oshishiga va mamlakatdagi ekologik vaziyatning yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.