Strategik islohotlar agentligi tomonidan yangi tahrirdagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning bozor ishtirokchilari va xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash maqsadida tahlili o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarori bilan qo‘yilgan vazifa doirasida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri bilan telekommunikatsiyalar bozorining tartibga soluvchi organi alohida bo‘lishini nazarda tutuvchi tartib o‘rnatilishi belgilangan.
Yangi tartibga soluvchi organning vazifalarida telekommunikatsiya xizmatlarining barcha provayderlari uchun teng shart-sharoitlarni ta’minlash, bu esa ochiq va raqobatbardosh telekommunikatsiya bozorini rivojlantirish imkonini berishi nazarda tutilgan.
Agentlik tomonidan sohadagi xususiy sektor vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida barcha tartibga soluvchi funksiyalar bitta organda yig‘ilishi yuzasidan xavotirlar mavjudligi qayd etildi.
Nota bene: mazkur sohani, bozorni, xizmatlar sifatini rivojlantirish siyosatini tartibga solish, shu bilan birga, telekommunikatsiya bozorida eng katta ulushga ega bo‘lgan operatorlar bevosita Raqamli texnologiyalar vazirligi vakolatiga kiradi.
Shu munosabat bilan Strategik islohotlar agentligi mazkur qonunchilik normalarini Senat tomonidan 2024-yilning mart oyida ma’qullangan qonun tahririga kiritish zaruriyati to‘g‘risida xulosa berdi.
Mazkur xulosa asosida Prezident Administratsiyasi tomonidan qonun Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga qaytarildi, shuningdek sohani tartibga solishning maqbul modelini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi.
Telekommunikatsiya sohasini tartibga solishning yangi modelini tanlash uchun Agentlik tomonidan raqamlashtirish darajasi jadal sur’atda rivojlanayotgan mamlakatlarning telekommunikatsiya tarmog‘ini tartibga solish tajribasi va ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitida qo‘llash istiqboli o‘rganildi.
Shuningdek Ozarbayjon va Efiopiya kabi mamlakatlardagi yaqinda joriy etilgan tajriba o‘rganildi. Ushbu mamlakatlarda mustaqil tartibga soluvchi organ tashkil etilishi sezilarli xalqaro investitsiyalar jalb etilishiga, telekommunikatsiya infratuzilmasining rivojlanishiga va xizmatlar sifati oshishiga olib keldi.
Bundan tashqari, Agentlik so‘roviga asosan Jahon banki tomonidan berilgan tavsiyalarda bozorni tartibga soluvchi organni boshqa tartibga soluvchi organlardan ajratish, shuningdek texnik va iqtisodiy qoidalarni xolis o‘rnatish va ularga barcha telekommunikatsiya opretorlarining davlat korxonasi yoki xususiy bo‘lishidan qat’i nazar bo‘ysinishini ta’minlashni asosiy vazifa sifatida belgilash zarurligi qayd etilgan.
O‘rganilgan xorijiy tajriba va Jahon bankining ekspert mulohazalariga ko‘ra, tavsiya etilgan yechimlar nafaqat telekommunikatsiya va raqamlashtirish sohalariga, balki iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga ham ijobiy ta’sir qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun: mustaqil telekommunikatsiya bozorini tartibga soluvchi organlari mavjud davlatlarda YAIMning o‘rtacha o‘sishi bu kabi tartibga soluvchi organi bo‘lmagan mamlakatlarga nisbatan 1-2 foiz yuqoriligi qayd etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ishchi guruh tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlikda bozorni tartibga soluvchi alohida organni tashkil etishga doir takliflar ishlab chiqildi.
Yuqoridagi o‘zgarishlardan tashqari, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririda aholi va ushbu sohada faoliyat yurituvchi subyektlar uchun bir qator qulayliklar taqdim etilmoqda, jumladan:
bino va inshootlarni qurishda zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasining majburiy nazarda tutilishi;
binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanish imkoniyati;
operatorlarga telekommunikatsiya infratuzilmasidan birgalikda foydalanishga ruxsat berish;
bank ilovasi, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti yoki elektron tijorat platformasi orqali telekommunikatsiya sohasiga oid xizmat ko‘rsatilganda telekommunikatsiya sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab qilinmaydi.