Strategik islohotlar agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda boshqaruv kompaniyalari faoliyati hamda ko‘p kvartirali uylarni saqlash amaliyotini yangi yondashuvlar asosida takomillashtirish masalasi o‘rganildi.
Xususan, bugungi kunda respublika bo‘yicha 1 366 374 ta xonadon mavjud bo‘lib, shundan 223 831 ta xonadon (16%) mulkdorlari bilan shartnomalar tuzilgan bo‘lsa, qolgan 1 142 543 ta xonadon (84%) mulkdorlari tomonidan shartnomalar tuzilmagan.
Mulkdorlarning boshqaruv kompaniyalaridan majburiy badallar bo‘yicha 2024-yil 1-yanvar holatiga 913 mlrd so‘mdan ortiq debitor qarzdorligi mavjud bo‘lib, sudlar tomonidan ushbu qarzdorlikni undirish haqidagi da’vo arizalari shartnoma tuzilmaganligi vaji bilan ko‘rmasdan qaytarilmoqda.
Shuningdek, boshqaruv kompaniyalari faoliyatida ochiqlik va shaffoflik yetarli darajada ta’minlanmaganligi natijasida boshqaruv kompaniyalari tomonidan ayrim holatlarda mablag‘lar maqsadsiz sarflangan. Misol uchun, 2022-2023-yillarda 25,6 mlrd so‘mdan ortiq majburiy badal to‘lovlari hamda 24,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar maqsadsiz ishlatilgan.
O‘z navbatida, o‘rganish davomida ko‘p kvartirali uylarni saqlashda ham yangi yondashuvlarni joriy qilish imkoniyati mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalaridan mulkdorlar tomonidan yanada samarali foydalanish maqsadida ularga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berish zarurati mavjudlini aniqlandi.
Xususan, qonunchilik hujjatlarida ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarida bolalar o‘yingohini tashkil etish, yengil konstruksiyali ayvonlar (besedkalar) va elektromobillarni quvvatlantirish uskunalarini o‘rnatish, avtoturargohlar qurish hamda ko‘chma savdo obektlarini, etikdo‘z xizmati hamda nonvoyxona va boshqa zarur xizmat ko‘rsatish obektlarini joylashtirishning huquqiy asoslari belgilanmagan.
Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylarda energiya tejovchi texnologiyalarning joriy etilmaganligi bois boshqaruv kompaniyalarning debitorlik qarzdorligi oshib bormoqda. Boshqaruv kompaniyalarining 2023-yil yakuni holatiga elektr energiyasidan 80 mlrd so‘mdan ortiq debitor qarzdorligi mavjud.
Tahlillarga ko‘ra, cho‘g‘lanma lampalar narxi energiya tejovchi lampalarga nisbatan arzon bo‘lganligi sababli, joylarda ko‘p kvartirali uylar atrofi va umumiy foydalanishdagi joylarni yoritishda cho‘g‘lanma lampalardan keng foydalanilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 7 Watt quvvatli energiya tejovchi lampalar 100 Watt quvvatli cho‘g‘lanma lampalarga nisbatan 1 oyda o‘rtacha 22,4 kilovatt/soat elektr energiyasini iqtisod qiladi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasida ko‘p kvartirali uylardagi tayanch va (yoki) to‘siq konstruksiyalarni qonunchilik hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Biroq, qonunchilik hujjatlarida mazkur qonun buzilishi holatlarini to‘liq bartaraf etmaganlik uchun ta’sirchan javobgarlik choralari belgilanmaganligi sababli huquqbuzarliklar soni yildan yilga oshib bormoqda.
Xususan, fuqarolar tomonidan 2022-2023-yillarda jami 833 ta holatda ko‘p kvartirali uy-joylarning tayanch konstruksiyalari o‘zboshimchalik bilan buzilgan.
Bu esa, ko‘p qavatli turar joylarda yashovchi fuqarolarning hayoti va mol mulkiga jiddiy zarar yetkazilishi xavfi ortmoqda hamda ko‘p qavatli binolarning zilzilaga bardoshligiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, hozirda Agentlik Adliya vazirligi bilan hamkorlikda boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda ko‘p kvartirali uylarni saqlash talablarini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Loyihada quyidagilar taklif qilinmoqda:
– boshqaruv tashkilotlarini ijarachilarining majburiy badallar bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorligini undirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizasi kiritganda davlat bojidan ozod qilish;
– ko‘p kvartirali uylarning tutash yer uchastkalari, yerto‘lalari va cherdaklarini xatlovdan o‘tkazish hamda kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan yerto‘lalar va cherdaklarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga ruxsat berish;
– ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining shaxsiy kabineti orqali umumiy yig‘ilishlarni onlayn tarzda o‘tkazish, ovoz berish hamda bayonnomalarni tasdiqlash, xarajatlar smetasini onlayn tarzda muhokama qilish va tasdiqlash hamda mulkdorlarning taklif va shikoyatlarni qoldirish imkoniyatlari yaratish;
– ko‘p kvartirali uydagi umumiy joylar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yerto‘lalar, cherdaklar va tomlarni yoritishda cho‘g‘lanma lampalardan foydalanish ta’qiqlash.