Temir yo‘l transporti sohasidagi islohotlarni davom ettirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlar (Jahon banki, Deutsche Bahn, PricewaterhouseCoopers mutaxassislari) ishtirokida yangi tahrirdagi “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
9 ta bob va 59 ta moddadan iborat qonun loyihasi konseptual jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi PQ–329-son qarori bilan belgilab berilgan hamda “Pricewaterhouse Coopers” hamkorligida ishlab chiqilgan temir yo‘l transporti bozori modeliga (temir yo‘l bozori tuzilishi, unda davlat va xususiy sektorning o‘rni, mijozlar bilan munosabatlarning zamonaviy yondashuvlari) asosan shakllantirildi.
Amaldagi “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonun (28 moddadan iborat, 1999-yilda qabul qilingan) zamon talablariga muvofiq emas, xususan:
a)sohani boshqarish va tartibga solish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, Transport inspeksiyasi, temir yo‘l korxonalari va boshqa idoralarning aniq vakolat va majburiyatlari belgilab berilmagan;
b)sohaga investitsiya kiritish shartlari belgilanmagan hamda korxonalarning moliyaviy barqarorligi kafolatlanmagan;
v)sohadagi davlat tomonidan tartibga solinadigan hamda erkin (shartnoma asosida) belgilanadigan tariflar aniq belgilanmagan.
Yangi qonun loyihasi bilan quyidagi o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda:
1) temir yo‘l transporti bozori modeli ishlab chiqilmoqda;
Umumiy foydalanishdagi temir yo‘l infratuzilmasiga (“Temiryo‘linfratuzilma” AJ), vagonlarga (xususiy va “Temiryo‘lkargo” AJ) egalik qilish huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda, shu bilan birga xususiy sektorga yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatish hamda raqobat bozorini shakllantirish bo‘yicha sharoitlar yaratilmoqda.
Bunda, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l infratuzilmasi xususiylashtirilmasligi aniq ko‘rsatilmoqda.
2) umumiy foydalanishdagi temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanish tartibi va infratuzilma operatori faoliyati tartibga solinmoqda;
Amalda umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti infratuzilmasi tushunchasi hamda infratuzilma operatori to‘g‘risidagi normalar belgilab berilmagan.
3) tashuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda;
Amalda tashuvchilarning huquq va majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilmagan.
4) temir yo‘l transportida davlat tomonidan tartibga solinadigan va bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilanmoqda.
Bunda:
yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan (Afrosiyob) va tezyurar (“Sharq”, “Nasaf”) poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tilmoqda;
umumiy foydalanishdagi infratuzilma obyektlari, lokomotivlarni taqdim etish, shahar atrofi va shaharlararo yo‘nalishlarda (oddiy poyezdlar) yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tartibga solinadi;
Hozirda yuklarni tashish tariflari xususiy vagon egalari uchun jozibador emas (infratuzilma, lokomotiv, vagon xizmatlari 1 tonna-kilometr uchun yaxlit belgilanmoqda).
5) Temir yo‘lda yuklarni tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etilishi belgilanmoqda;
Temir yo‘llarda yuk tashishga qarorlar, yig‘ilish bayonlari hamda boshqa topshiriqlar bilan bir nechta chegirmalar berilgan.
6) 2025 yil 1 yanvardan boshlab davlat buyurtmasi (Public service obligation) asosida:
narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish bundan mustasno) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni;
Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilmoqda;
7) Temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilishning aniq yo‘nalishlari, jumladan umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘llar hamda vokzallarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish manbalari aniq belgilanmoqda;
8) Temir yo‘lda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda;
Bugungi kunda Toshkent, Samarqand va Qo‘qon shaharlaridagi temir yo‘l yo‘lovchi vokzallarini DXSH asosida rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
9) Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, Transport inspeksiyasi, mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari hamda vazifalari aniq belgilab berilmoqda.