Strategik islohotlar agentligi xodimlari Zangiota tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandilar. O‘rganishlar davomida tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Nota bene: Zangiota tumani 2-toifaga kiradi, tumanning doimiy aholi soni – 171,1 ming nafardan iborat. Tumanda 73 ta mahalla mavjud. Tuman byudjeti daromadlari miqdori – 97,2 mlrd so‘m, xarajatlari miqdori esa 194,7 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Zangiota tumanining “Bog‘zor” mahallasida 5,8 gektar yer maydoni hamda 3 777 kv.m bino inshoatga ega sobiq bolalar dam olish oromgohi 10 yildan buyon qarovsiz va tashlandiq holda qolmoqda. Ushbu maydondan unumli foydalanish hisobiga tibbiyot turizmini rivojlantirish imkoniyati mavjud.
Dam olish oromgohi hududi barcha kommunikatsiya va ifratuzilmaga ega (yo‘l, gaz, suv, elektr) bo‘lib, ushbu hududda sog‘lomlashtirish zonasini barpo etish potensiali yuqori.
Ushbu imkoniyatni inobatga olgan holda, “Bog‘zor” mahallasidagi 5,8 gektar yer maydoni hududida xususiy investitsiyalar hisobiga sanator-kurort zonasini tashkil etish taklifi ishlab chiqildi. Bunda, ushbu yer maydonlarini investitsiya shartlari bilan auksion orqali realizatsiya qilish nazarda tutilmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida 10 mln dollar investitsiya jalb etiladi, auksion savdolaridan byudjetga qo‘shimcha 10,5 mlrd so‘m mablag‘ tushadi, 200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi va byudjet uchun yiliga 7,1 mlrd so‘m soliq tushumi ta’minlanadi.
Ushbu mahalladagi bo‘sh yotgan 4 gektar yer maydonini ham lotlarga ajratgan holda to‘qimachilik va mebel mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalariga auksion orqali realizatsiya qilish taklifi ishlab chiqildi.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida 7 mln dollar investitsiya jalb etiladi, auksion savdolaridan byudjetga qo‘shimcha 40 mlrd so‘m mablag‘ tushadi, 150 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi va byudjet uchun yiliga 4 mlrd so‘m soliq tushumi ta’minlanadi.
Tumandagi “Qahramon” mahallasida undan tayyorlanadigan qandolat mahsulotlari (keks, pechene, vafli va boshqa pishiriqlar) ishlab chiqarish va sotishga ixtisoslashgan, asosiy faoliyati eksportga yo‘naltirilgan “MOS PEKAR” korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Hozirda korxona o‘z mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilmoqda va yil yakuniga qadar Xitoy, Afg‘oniston, Tojikiston, Kirg‘iziston va boshqa mamlakatlarga eksport qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, Osiyo, Yevropa mamlakatlari hamda Misr bilan hamkorlik bitimlari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Kelishuvlarda aksariyat xorijiy hamkorlar logistika, ya’ni mahsulot yetkazib berishni korxona zimmasiga yuklatilmoqda.
Korxonaning yillik eksport rejasi 1 ming tonna mahsulot yoki 3 mln dollarni tashkil qilib, bugungi kunda unga sarflanishi kutilayotgan logistika xarajatlari 2 mlrd 540 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
O‘rganish jarayonida qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalarga ham o‘z mahsulotlarini eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibini tatbiq qilish taklifi ishlab chiqildi.
Mazkur o‘zgarish kiritilishi natijasida birgina “MOS PEKAR” korxonasi misolida qator ijobiy natijalarga erishiladi. Jumladan, logistika bo‘yicha xarajatlar 50 foizga qisqarishi natijasida 1 mlrd 270 mln so‘m miqdorida mablag‘ iqtisod qilinadi.
Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Toshkent viloyati Zangiota tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.