Strategik islohotlar agentligi xodimlari Qibray tumanining salohiyati va qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalarini” joyiga chiqqan holda o‘rgandilar. O‘rganishlar davomida tuman hokimligi bilan birga tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Nota bene: Qibray tumani 2-toifaga kiradi, tumanning doimiy aholi soni – 176,2 ming nafardan iborat. Qibrayda 68 ta mahalla mavjud. Tuman byudjeti daromadlari miqdori – 96,8 mlrd so‘m, xarajatlari miqdori esa 208,1 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Tuman markazida yirik savdo-ko‘ngilochar markazi, dehqon va buyum bozorlari mavjud emas. Qibray markazidagi 0,18 gektar maydon bugungi kunda foydalanilmasdan bo‘sh yotibdi.
Ushbu yer maydonida 5 qavatli savdo va xizmat ko‘rsatish markazi qurish, bunda 1-qavatini ekobozor, yerto‘la qismini 240 ta avtomashinaga mo‘ljallangan 1200 kvadrat metrlik avtoturargoh tashkil qilish va elektromobillar uchun 6 dona zaryadlash qurilmalari o‘rnatish taklifi ishlab chiqildi.
Natijada 4500 kvadrat metr tijoriy mulk paydo bo‘lishi orqali 300 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mahalliy byudjetga yillik o‘rtacha 150 mln so‘m mulk solig‘i 1,6 mlrd so‘mlik daromad solig‘i va ijtimoiy soliq tushadi.
Qibray tumanining “Beruniy” mahallasidagi Markaziy jome’ masjidi yonida (shaharning gavjum markaziy qismida joylashgan) 1 gektar yer maydoni bo‘sh yotibdi. Tadbirkor tomonidan 35 mlrd investitsiya kiritilib, 3 ta 5 qavatlik xostel qurish tashabbusi bildirilgan.
Mazkur taklif amalga oshirilgan taqdirda, ushbu maydonda 5 qavatli xostel qurish orqali 90 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 4500 kvadrat metr tijoriy mulk paydo bo‘lishi orqali mahalliy byudjetga yillik o‘rtacha 150 mln so‘m mulk solig‘i hamda 520 mln so‘m daromad va ijtimoiy soliq tushumi ta’minlanadi.
Tuman hududidan yangi barpo etilayotgan Toshkent-Bo‘stonliq avtomobil yo‘li o‘tgan. Ushbu yo‘lning 10 kilometrlik qismi topshirilish arafasida. Biroq, mazkur hududda yo‘lbo‘yi infratuzilmasi va servis majmualari mavjud emas.
Toshkent-Bo‘stonliq avtomobil yo‘li bo‘yida 3 gektar yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish taklifi tayyorlandi. Buning uchun Qibray tumanidan o‘tadigan mazkur avtomobil yo‘lining yo‘l bo‘yi muhofaza zonasini 57,5 metrdan 27 metrgacha qisqartirish hamda “K – SAVDO” AAT orqali 150 ta lotlarni “ye-auksion” platformasi orqali savdoga chiqarish lozim.
Natijada 150 dan ortiq yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushirilib, tumanda xizmatlar hajmi 20 foizga oshadi, 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, mahalliy byudjet uchun 1,5 mlrd so‘m daromad solig‘i va ijtimoiy soliq tush-umi ta’minlanadi.
Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir “Toshkent viloyati Qibray tumanida iqtisodiy o‘sishni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.