Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magidagi loyiha doirasida strategik rejalashtirish sohasi eksperti Zorka Kordich joriy yilning 25-28-iyun kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi.
Strategik islohotlar agentligi direktori B.Raxmatov bilan uchrashuvda xorijiy ekspert Agentlik tomonidan mamlakatda strategik rejalashtirish tizimini joriy etishga doir olib borilayotgan ishlar ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Zorka Kordich strategik rejalashtirish hujjatlarini (tadqiqot natijalari, xalqaro tajriba, samaradorlikni baholash (KPI) o’z ichiga olgan) 7 yillik muddatga qabul qilishni, har bir vazirlik va idora o’z ish rejalarini 3 yillik davr uchun byudjetdan moliyalashtirish bilan bog’lagan holda ishlab chiqishini, vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish va metodologiyasi bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalarining malakasini oshirish, shuningdek, ularning mazkur yo‘nalishdagi seminar va treninglarda doimiy ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilishni tavsiya qildi.
Shuningdek tashrif davomida ekspertning Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (DXRA), Davlat boshqaruvi akademiyasi (DBA), Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (IPMR) bilan uchrashuvlari tashkil etilib, ular doirasida strategik rejalashtirish masalalari va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Zorka Kordichning DXRA va DBA vakillari bilan uchrashuvlarida davlat xizmatchilarining strategik rejalashtirish sohasida salohiyatini oshirish, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda – dasturiy byudjetlashtirish, Qonunchilik va huquqiy siyosat institutida hamkorlik masalalari, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida – “Strategik rejalashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlash to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
Strategik rejalashtirish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan seminar (workshop)da “Strategik rejalashtirish tizimini joriy etishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir doirasida Zorka Kordich seminar ishtirokchilarini strategik rejalashtirish tizimi metodologiyasi bilan tanishtirdi va Chernogoriyaning bu boradagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida ekspert O‘zbekistonda strategik rejalashtirish sohasidagi islohotlarni ilgari surishda bundan keyin ham yordam berishga tayyorligini bildirdi.