Strategik islohotlar agentligi tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini rivojlantirish hamda brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini tahlil qilib, sohaga oyida takliflar ishlab chiqdi.
2023 yil natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda ishlab chiqilgan 88,4 trln so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlarining 48,5 trln so‘mi tayyor mahsulotlarga to‘g‘ri keladi (2022 yilga nisbatan o‘sish 116%).
Shu bilan birga, eksport ko‘rsatkichlari 3,4 mlrd dollarga, tayyor mahsulotning ulushi 1,4 mlrd dollarga yetkazildi (o‘sish 127%).
Davlat ko‘magi bilan 100 ta mahalliy korxona “Oeko-tex”, 8 ta “GOTS” (Germaniya), 30 ta “Sedex” (Buyuk Britaniya), 25 ta “BSCI” (Belgiya), 11 ta “WRAP” (AQSH) xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlangan.
Nota bene: ushbu xalqaro standartlarning joriy etilganligi dunyoning yetakchi brendlari tomonidan qo‘shilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari uchun asosiy talab hisoblanadi.
Buning natijasida bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchilar 60 dan ziyod mashhur brendlar bilan xamkorlik o‘rnatdi.
Nota bene: AQSHning “The North Face”, Italiyaning “Cotonella”, “Terranova”, Germaniyaning “Carl Gross”, Turkiyaning “LC Waikiki”, “Colin’s”, “DeFacto”, Rossiyaning “Sportmaster”, “Gloria Jeans”, “Ostin”, Belorussiyaning “Mark Formelle” kabi brendlarga muntazam ravishda mahsulot yetkazib berilmoqda.
Mahalliy korxonalar vakillari bilan mashhur brendlarning buyurtmasini olishdagi muammolar muhokama qilindi.
“Cotton Campaign” koalitsiyasining o‘zbek paxtasiga nisbatan boykoti 2022 yilda tugatilgan bo‘lsa-da, yirik brendlar iste’molchilarining ehtimoliy salbiy munosabati tufayli obro‘siga putur yetishidan xavfsiragani sababli ularning ichki siyosatida hanuzgacha taqiqlar mavjud.
“Inditex” (Zara, Massimo Dutti brendlariga egalik qiladi) va “H&M” kabi aksariyat brendlar riteyl gigantlarining O‘zbekiston bozoriga kirishini va bunga iste’molchilarning munosabatini kutmoqda.
Ma’lumot uchun: 2022 yilning aprel oyidan buyon “Inditex” kompaniyasini O‘zbekistonga jalb qilish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqar-uvchilarda brendlar bilan hamkorlik qilish tajribasi yetishmasligi sababli qo‘plab brendlar qo‘ldan boy berildi.
Xom ashyolarni xarid va import qilishda aylanma mablag‘larning tanqisligi holatlari uchramoqda.
Tayyor mahsulot eksportining narxlari, asosan oddiy trikotaj futbolkalari (maykalar) yo‘naltirilishi sababli, pastligicha qolmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqan holda Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi yo‘nalishlardan iborat Xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish dasturini tasdiqlash taklifi ishlab chiqildi:
1. Brendlar bilan hamkorlik qiluvchi operator korxonasini tas’is etish. Bunda, korxona:
a) “Beximco” va “Li&Fung” kabi dunyoning yetakchi sorsing kompaniyalar (vositachi kompaniya), brend va riteylerlarni jalb qilish hamda ularning buyurtmasini qabul qilish bo‘yicha muzokaralar olib borish;
b) yetakchi sorsing kompaniyalarida faoliyat yuritgan tajribali savdo agentlarini ishga yollash;
d) O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati imidjini oshirish bo‘yicha xorijiy davlatlarda kampaniya o‘tkazish;
e) brendlar va sorsing kompaniyalari uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar korxonalariga “roud-shou”lar tashkil qilishi nazarda tutilmoqda.
2. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni brendlar bilan hamkorlik qilishga moslashtirish. Bunda 100 ta salohiyatli korxonalarni belgilab, ularga:
a) brendlar talabiga muvofiq barcha zaruriy xalqaro standartlar olish, atrof-muxit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) strategiyasi ishlab chiqish xarajatlari to‘liq qoplab berish;
b) xalqaro tajribaga ega texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislar jalb qilish orqali brendlar uchun kiyim modellarini tayyor holda taklif qilish yo‘lga qo‘yish.
d) nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda keng ishtiroki ta’minlash;
e) mashhur brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan barcha xom ashyolarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish;
f) mahsulotini kamida 30%ni brend ostida ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar berish.
Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar 3 yildan 10 yilgacha yer, mol-mulk, suv soliqlaridan ozod qilingan.
3. Brendlarni jalb qilishning yana bir samarali yo‘li – brendlar ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilgan yirik ishlab chiqaruvchilar quvvatlarini yurtimizga relokatsiya
O‘z ishlab chiqarish quvvatlarini relokatsiya qilmoqchi bo‘lgan investorlarga quyidagilarni ichiga olgan takliflar to‘plani shakllantirish:
a)Toshkent viloyatida kichik sanoat zonasini tashkil etib, sanoat ipotekasi asosida investorga yer va binolarni tayyor holda uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan taqdim etish.
Bunda, bir joyning o‘zida to‘qimachilik mahsulotlarini sertifikatsiya qilish, audit, laboratoriya tahlili, bojxonada rasmiylashtirish, uskunalarni texnik sozlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi zamonaviy to‘qimachilik kompleksini tashkil etishni nazarda tutish. Unga AQSH bilan erkin savdo qilish huquqini beruvchi “QIZ” maqomini olish;
b) to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan ishlatilgan asbob-uskunalarni import bojlarini 0%ga tenglashtirish.
4. Ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash. Xususan, xom ashyoni (ip-kalava, mato) muddatli to‘lov asosida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi kafilligi bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish.